2022-yil besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘lim soni tarixiy eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar o‘limini baholash bo‘yicha idoralararo guruhining so‘nggi hisobotida ma’lum qilingan. Besh yoshdan kichik bolalar o‘limi 2000-yildan beri 51 foiz kamaygan.
UNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassell so‘zlariga ko‘ra, ushbu raqam ortida xavfsiz tug‘ilishga yordam beradigan doyalar, bolalarni emlash va ularni xavfli kasalliklardan asrash, shuningdek go‘daklar sog‘lig‘i va to‘g‘ri ovqatlanishini himoya qilish uchun oilalarga tashrif buyurib, targ‘ibot olib borgan tibbiyot xodimlarining xizmati beqiyos.
Hujjat past va o‘rta daromadli davlatlar birlamchi tibbiy yordamga yetarli mablag‘ ajratsa, taraqqiyotga erishishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Kamboja, Malavi, Mo‘g‘uliston va Ruandada 2000-yildan beri 5 yoshgacha o‘lim darajasi 75 foiz kamaydi.
Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, taraqqiyotga qaramay, jahon hamjamiyati oldida bolalar va o‘smirlar o‘limini tugatish sari uzoq yo‘l turibdi. 2022-yil 5 yoshgacha bo‘lgan 4,9 million boladan tashqari, 24 yoshgacha aholi orasida 2,1 million kishi halok bo‘ldi. Aksar holatlar Janubiy Osiyo va Sahroyi Kabirda, Afrika janubida kuzatilgan.
Yuqori sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, jumladan emlash imkonini yaratish, tug‘ilishda malakali mutaxassis ishtirokini ta’minlash, emizishni qo‘llab-quvvatlash, bolalar kasalliklarini tashxislash va davolash orqali ko‘plab go‘daklar hayotini saqlab qolish mumkin.
– Taraqqiyotga qaramay, millionlab oilalar hamon tug‘ilgandan keyingi birinchi kunlarda bolasini ayanchli tarzda yo‘qotishdan aziyat chekmoqda, – deydi JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus. – Bolaning qayerda tug‘ilishi uning yashashi yoki o‘lish-o‘lmasligini belgilamasligi kerak. Har bir ayol va bola, jumladan, favqulodda vaziyatda va chekka hududda ham sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi imkonini yaxshilash muhim ahamiyatga ega. Tibbiyot xodimlar oilalarni testdan o‘tkazish, emlash, o‘limga olib keladigan, ammo davolash mumkin bo‘lgan kasalliklarga qarshi dori-darmon va ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlash kabi xizmatlarni taqdim etish jarayonida muhim o‘rin tutadi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassislar yaxshi o‘qitilgan, birlamchi tibbiy yordam tizimiga samarali integratsiyalashgan bo‘lishi, adolatli ish haqi olishi shart.
G.Sattorova,
O‘zA
- Qo'shildi: 14.03.2024
- Ko'rishlar: 1938
- Chop etish