BMT sudi Isroilning Falastin hududidagi harakatlarini tekshiradi

BMT Bosh assambleyasi Xalqaro suddan Isroilning Falastin hududlaridagi harakatlari huquqiy oqibatlarini baholashni so‘radi. Eshituvlar Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti fonida bo‘lib o‘tadi.

BMT Xalqaro sudi 19 fevral, dushanba kuni Isroilning 1967 yildan beri Falastin hududidagi harakatlarining huquqiy oqibatlari bo‘yicha eshituvlarni boshlaydi. Sudda 52 davlat vakillari so‘zga chiqishi kutilmoqda.

2022 yil dekabr oyida BMT Bosh assambleyasi jahon tashkilotining Xalqaro sudidan «Isroilning bosib olingan Falastin hududi, jumladan Sharqiy Quddusdagi siyosati va amaliyotidan kelib chiqadigan» huquqiy oqibatlarni baholashni so‘radi. Gap boshqa narsalar qatorida «Isroilning Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini doimiy ravishda buzishi» haqida ketmoqda, deya AFP agentligi BMT Bosh assambleyasi so‘rovidan parchalarni keltiradi. Bundan tashqari, Haaga sudi mavjud vaziyat BMT va boshqa davlatlar uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi savolga javob berishi kutilmoqda.

Xalqaro sudning maslahat xulosasi majburiy emas. Sud jarayoni HAMAS harakatining hujumiga javoban G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti yuzasidan Isroilga xalqaro huquqiy bosim kuchaygan bir paytda o‘tkazilmoqda. 

1967 yildagi olti kunlik urush 

Isroil 1967 yilda arab davlatlari koalitsiyasiga qarshi olti kunlik urush paytida Golan tepaliklari va Sharqiy Quddusning katta qismini egallab oldi va keyinchalik ularni anneksiya qildi. Shu bilan birga, Isroil hali G‘arbiy sohildagi yahudiy aholi punktlariga o‘z suverenitetini kengaytirgani yo‘q. Isroilning ushbu hududda uy-joy qurishi uzoq muddatli Falastin-Isroil mojarosini hal qilish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Kun.uz

Powered by GSpeech