Bolalar mehnati taqiqlanmoqda (mi?)

Xabaringiz bor, hozir Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda.

Qonun loyihasida Konstitutsiyaning 37-moddasida majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi hamda qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi, degan normani kiritish orqali bolalar mehnatini konstitutsiyaviy darajada tartibga solish ko‘zda tutilmoqda. 

Mazkur taklifning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi bizga nima beradi? Uning zarurati nimalarda ko‘rinadi? Shu va shu kabi boshqa savollar javob olish uchun Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri Bekzod NARIMANOVga murojaat qildik. 

— Shaxsan men juda o‘rinli va dolzarb taklif deb bilaman. Biz o‘zbeklarni ko‘pchilik «bolajon xalq» deb aytishadi. Lekin oxirgi vaqtlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda guvohi bo‘layotgan voqealar ushbu ta’rifga umuman teskari bo‘lmoqda.

Haqli savol tug‘iladi: nega kundalik hayotimizda Samarqandda bo‘lgani kabi bolalar hayoti bilan bog‘liq rezonansli voqealar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kuzatilmoqda? Mazkur holatlarni ko‘rib, har bir ota-onaning dili xira bo‘lmoqda. Mazkur muammolarning ildizi ko‘plab omillarga bog‘liq. 

Ta’kidlash joizki, bolalar bozor munosabatlariga o‘tishda, iqtisodiy tanglikda eng ko‘p aziyat chekishi mumkin bo‘lgan aholi qatlami sanaladi. 

Aslida, bolalar mehnatiga qarshi kurash bo‘yicha tashkiliy choralar ancha oldin belgilangan. Taraqqiyot strategiyasining 85-maqsadi doirasida “norasmiy ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaroning bandligini legallashtirishga yordam berish orqali ularda ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish” vazifasi belgilangan edi. 

Xo‘sh, O‘zbekiston qo‘shilgan Xalqaro mehnat tashkilotining Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risidagi Konvensiyaga ko‘ra, «bolalar mehnatining eng yomon shakllari» atamasi nimalarni qamrab oladi? 

Ular quyidagilar: 

– qullikning barcha shakllari yoki qullikka o‘xshash amaliyot, masalan, bolalarni sotish va ularning traffigi, qarz asosidagi qaramlik va krepostnoy tobelik, shuningdek, zo‘raki yoki majburiy mehnat, shu jumladan, bolalardan qurolli mojarolarda foydalanish uchun ularni zo‘rlab yoki majburlab jalb qilish; 

– fohishabozlik bilan shug‘ullanish, pornografiya mahsulotlari tayyorlash yoki pornografik tomoshalarda ishtirok etish uchun boladan foydalanish, uni yollash yoki uni taklif qilish; 

– qonunga xilof faoliyat bilan shug‘ullanish uchun, xususan, tegishli xalqaro shartnomalarda belgilangani kabi, narkotiklar tayyorlash va sotish uchun boladan foydalanish, uni yollash yoki uni taklif qilish; 

– bajarish xususiyatlari yoki sharoitiga ko‘ra bolalar sog‘lig‘i, xavfsizligi va ma’naviyatiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlar. 

Bugun O‘zbekiston tomonidan mazkur Konvensiya normalarining ijrosi to‘liq ta’minlangan. 2019 yil 1 aprel kuni Bryussel shahrida e’lon qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e’tirof etilganini alohida qayd etib o‘tishni istardim. 

Bundan tashqari, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qilgan. 

Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkilotining 2022 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda paxta yetishtirish sohasini isloh qilish jarayoni boshlanganidan buyon o‘tgan yetti yil mobaynida paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi tizimini bekor qilish asosida ikki millionga yaqin bola bolalar mehnatidan ozod qilingan. 

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2010 yil 15 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan «Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar to‘g‘risida»gi nizomda voyaga yetmaganlar mehnatidan quyidagi ishlarda: 

yer osti, suv osti, xavfli balandlikda yoki yopiq muhitda bajarish; 

xavfli mexanizmlar, asbob va uskunalar bilan bog‘liq bo‘lgan; 

xavfli buyumlar yoki jarayonlar, harorat, shovqin yoki to‘lqinlanish darajasining yuqori ta’sirida voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishga olib keladigan zararli sharoitlardagi;

og‘ir mehnat sharoitlarida bajariladigan (ish vaqtining davomiyligi uzoq bo‘lgan, tungi ishlar va boshqalar bilan bog‘liq bo‘lgan); 

o‘zining xususiyati bilan bunday toifadagi xodimlarning axloq-odobiga zarar yetkazadigan; 

belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarishi va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. 

Shuningdek, ish vaqtining muddati haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar, haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi 

Ta’kidlash joizki, har bir davlat bolaning iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda uning sog‘ligi uchun xavf-xatar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladigan yoxud sog‘lig‘i, jismoniy aqliy, ma’naviy axloqiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar keltiradigan har qanday ishlardan himoya qilinishi huquqini ta’minlashi lozim. 

Jahon va mintaqamizda yuzaga kelgan o‘ta murakkab iqtisodiy-ijtimoiy sharoitda davlatimiz shunday vazifa va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi juda yuksak va qat’iy siyosiy iroda namunasidir. Mazkur xalqchil normaning Konstitutsiyaga kiritilishi bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha milliy huquqiy tizimimizni yangi bosqichga olib chiqadi deb umid qilaman. 

N.Toshpo‘latova

O‘zA

Powered by GSpeech