Daniya ayollarni majburiy harbiy xizmatga jalb qilishni rejalashtirmoqda

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen hukumatning armiyadagi yoshlar sonini ko‘paytirish hamda ayollar uchun harbiy xizmatni majburiy qilish rejasini ma’lum qildi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Hozirda mamlakatda ayollar uchun harbiy xizmat ixtiyoriy.

Frederiksen kelgusi besh yil ichida mudofaa xarajatlarini qirq milliard Daniya kroniga (taxminan 6 milliard dollar) oshirishni nazarda tutuvchi reja taqdimoti doirasida tegishli bayonot bilan chiqqan.

Biz to‘liq gender tengligini taklif qilamiz. Biz Daniyada hamma teng ekanligi bilan maqtanishni xohlaymiz. Ammo faqat Daniya erkaklari Qurolli kuchlar kunida qatnashishi shart. Ayollar ro‘yxatdan o‘tish va keyinchalik muddatli harbiy xizmatga chaqirilish imkoniyatiga ega. Lekin shartlarda farq bor. Nega shunday bo‘lishi kerak? Biz gender tengligi biz yashayotgan zamonni aks ettiruvchi xilma-xil mudofaaga hissa qo‘shishiga shubha qilmaymiz, — dedi hukumat bosh vaziri.

Shuningdek, rasmiylar erkaklar va ayollar uchun qisqa muddatli harbiy xizmatni to‘rt oydan o‘n bir oygacha oshirishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Daniya NATO a’zosi, u Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatuvchi ittifoqchi hisoblanadi.

Daryo.uz

Powered by GSpeech