«Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi natijalari Italiya ommaviy axborot vositalarida

Italiyaning «Askanews» axborot agentligida shu yil 16 - 20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumiga bag‘ishlangan axborot materiali e’lon qilindi.

Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan qoidalar respublikada hayotga izchil tatbiq etilayotgani, O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi Milliy strategiya maqsadlariga erishish yo‘lida ildam qadamlar tashlanayotgani qayd etilgan. 

2019 yilda birinchi marta Toshkentda tashkil etilgan «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi bugun jahon hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy, tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, dinlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, jamiyatda do‘stlik va o‘zaro tushunish muhitini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi bilan tanishish imkoniyatini beruvchi muhim platformaga aylangan edi. 

Maqolada ta’kidlanganidek, ushbu forum 2019 yilda bo‘lgani kabi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va AQSHdan taniqli diniy ulamolar, ilohiyotchilar, huquqshunoslar, davlat va jamoat arboblarini bir joyga to‘pladi. O‘zbekiston tomonidan turli konfessiyalar vakillari, ilohiyotchilar, diniy ulamolar, tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirok etdi. 

Forum 19 may kuni Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiya bilan yakunlandi. Unda forum doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarlar yakunlari sarhisob qilindi, diniy va dinlararo erkinlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha fikr almashildi va istiqboldagi hamkorlik bilan bog‘liq sa’y-harakatlar kelishib olindi. 

«Xalqaro forum yakunida «Buxoro deklaratsiyasi» qabul qilindi. Ushbu hujjat avval qabul qilingan Marokash (2016), Jakarta (2017), Potomake (2018), Punto-del-Este (2018) va Makka (2019) deklaratsiyalarning mantiqiy davomi bo‘ldi», deb yozadi «Askanews». 

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech