Dunyo bog‘chalari faoliyatiga nazar: ularning o‘ziga xos xususiyati nimalardan iborat?

Bugun har bir rivojlangan davlat borki, bolalar tarbiyasini kechiktirib bo‘lmas muhim vazifa deb biladi.

So‘ngi yillarda yurtimizda bolalar tarbiyasi, xususan, bolalar bog‘chalariga e’tibor jonlandi. Ammo, shunga qaramay, tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan amalga oshirilgan xatti-harakatlar shov-shuv va dilxiraliklarga sabab bo‘lib turibdi.

O‘zA muxbiri bolalar bog‘chalari bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rgandi. Xo‘sh, rivojlangan davlatlardagi tarbiya muassasalari qanday faoliyat olib boradi? Ularning o‘ziga xos xususiyatlar nimalardan iborat?

Quyidagi maqolada Italiya, Germaniya, Ispaniya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya va Isroil kabi davlatlar misolida bu savollarga javob izladik.

GERMANIYA

Germaniyada bolalar bog‘chaga borishi majburiy emas. To‘lov ota-onalarning ish haqiga bog‘liq. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga bolalarni bog‘chaga jo‘natish uchun imtiyozlar berilgan. Bu davlatdagi bog‘chalarning o‘ziga xosligi tarbiya muassasalarida bolalarga hech qanday darslar o‘tilmasligidir. Chunki, bu mamlakatda bolalik ortiqcha bosimlarsiz, normal o‘tishi kerak degan tushuncha qabul qilingan.

Shuning uchun ham bolalar barcha muhim bilimlarni faqat maktabda o‘zlashtiradi. Bundan tashqari, Germaniya bog‘chalarida muloqotga ko‘p vaqt ajratiladi. Tarbiyachilar bolalarning muloqot qobiliyatlariga e’tibor berib, ularga bag‘rikenglik, qiyin vaziyatlardan chiqish yo‘lini topish va atrofdagilarga hamdardlik ko‘rsatish xususiyatlarini shakllantirishga ahamiyat beradi.

ISPANIYA

Ispaniyada bolalar uch yoshdan boshlab bog‘chaga beriladi, agar bola bog‘chaga bormasa, ota-onalar sababni shahar hokimligiga tushuntirishlari kerak. Bu davlatda majburiy bolalar bog‘chasiga borish tushunchasi ham mavjud. Unga ko‘ra, majburiy bog‘cha olti yoshdan boshlanadi. Mazkur bosqichda bolalar asosan, boshlang‘ich maktabga tayyorlanadi. Buni qarangki, mabodo ota-ona bolani bu yoshda o‘qitish uchun bermagan bo‘lsa, javobgarlikka tortilishi mumkin.

SHVESIYA

Bu mamlakatda ham maktabgacha ta’lim muassasalari xususiy va davlatga bog‘chalariga bo‘lingan. Ikkala tur ham to‘lovli. Narx oilaning daromadiga qarab o‘zgaradi. Agar ota-onalarning bog‘cha uchun to‘lov qilishga imkoni bo‘lmasa, davlat mablag‘ bilan ta’minlaydi, lekin bu holatda bolalar bog‘chada nisbatan kamroq vaqt qoladi. Shuningdek, bu davlatda ikki yoki undan ortiq bolali oilalar uchun imtiyozlar mavjud. Bunda ikkinchi va undan keyingi bolalarni bog‘chaga yuborish davlat tomonidan amalga oshiriladi yoki ota-onalarga bu uchun kattagina chegirma beriladi.

Bog‘chalarda bolalarning jismoniy rivojlanishiga urg‘u berilgan. Ular ko‘p vaqtlarini ochiq havoda, o‘yin yoki o‘qishda o‘tkazadi. Shvetsiya bog‘chalarining noodatiyligi ko‘p hollarda bolalarga ko‘lmaklardan o‘tishga, yerga yotishga va hatto usti-boshi va o‘zini iflos qilishga ham ruxsat beriladi. «Baxtli bola – iflos bola» deyishadi, ular. Ehtimol, mazkur tarbiya usuli bolaning erkinligi, o‘z istak-xohishlarini ifodalay olishi belgisidir.

ITALIYA

Bu mamlakatda bolalar uch yoshdan keyin bog‘chaga yuboriladi. Ungacha ular ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan uyda qoladi. Bog‘chalar ikki turga bo‘lingan: xususiy va davlat. Ko‘pincha ota-onalar davlat bog‘chalarini afzal ko‘radi, ammo qizig‘i, xususiydan ko‘ra, davlat bog‘chalaridagi to‘lov qimmatroq.

Ota-onalar bolalarni odatda soat 16:30 da uyga olib ketishadi, biroq bolalar soat 18:30 gacha bog‘chada qolish huquqiga ega. Faqat bunday imtiyoz uchun ota-onaga ishdan berilgan sertifikat kerak, shuningdek, qo‘shimcha to‘lov ham amalga oshirilishi zarur.

Yozda esa maktabgacha ta’lim muassasalari yopiladi. Lekin bu vaqtda qo‘shimcha haq evaziga iyul va avgust oylarida bolalar bog‘chaga borishi mumkin. Kichkina italiyaliklar bog‘chalarda qo‘shiq aytadi, rasm chizadi va raqsga tushadi. Shuningdek, bu davlat bog‘chalarida tuzilgan dastur bolalarning ingliz tilini o‘rganishini ham o‘z ichiga oladi.

FINLYANDIYA

Finlyandiyada bolalar asosan davlat bog‘chalariga beriladi. Ammo qizig‘i, agar ota-onaning bog‘cha borasidagi tanlovi xususiy muassasaga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, davlat xarajatlarning bir qismini o‘z zimmasiga oladi.

Bola bog‘chaga qadam qo‘yishdan oldin, tarbiyachi individual rivojlanish rejasini tuzish va bolaning rejimi, odatlari va ovqatlanishi haqida bilish uchun bola yashaydigan uyga keladi. Shuningdek, Finlyandiya bog‘chalarida hech qanday cheklovlar yo‘q: asosiy vazifa bolalarning boshqalarga va o‘ziga zarar keltirmasligi, xolos. Shvetsiyadagi kabi Finlyandiyada ham bolalar bog‘chalarda erkin ulg‘ayadi. Masalan, bu yerda bolalar yerga yotishlari mumkin va bu «qilmish» uchun bolani urishishmaydi, holat normal deb qabul qilinadi.

BUYUK BRITANIYA

Buyuk Britaniyada bolalar bog‘chalarga to‘qqiz oylikdan boshlab qabul qilinadi. Bog‘chalar 6:15 da ochilib, 17:00 da yopiladi. Buyuk Britaniyada mutlaqo bepul jamoat bog‘chalari ham mavjud bo‘lib, bunday muassasalarga bolalar uch yoshdan boshlab qabul qilinadi. Bolani bog‘chada kuniga o‘n besh soatgacha qoldirishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, hatto ota-onasi noqonuniy ravishda mamlakatda bo‘lgan bolalar ham bunday bog‘chalarga borishlari mumkin. Buyuk Britaniyadagi xususiy bog‘chalar juda qimmat. Bunday bog‘chalarda bolalar bog‘cha taomlaridan tashqari, uyidan berib yuborilgan gazak gamburger va boshqa zararli narsalarni ham yeyishi mumkin. Bu davlatdagi bog‘chalarning o‘ziga xosligi kunduzgi uyqu amalda qo‘llanilmaydi. Ya’ni majburlab uxlatish, uyqu vaqti, degan tushunchalar yo‘q. Shuningdek, bola o‘zi istasa, uxlashi mumkin va xohlagan joyda uxlab qolishiga ham to‘sqinlik yo‘q. Masalan, hatto o‘yin xonasida ham.

ISROIL

Isroilda bolalar bog‘chalari yiliga o‘n ikki oy ishlaydi. Faqat avgust oyining oxiridagina ikki haftalik ta’til belgilangan, xolos. Bolalar muassasalari yakshanbadan payshanbagacha soat 7:00 dan 17:00 gacha, juma kunlari esa soat 7:00 dan 12:30 gacha faoliyat olib boradi.

Bu davlatdagi bog‘chalarda har bir guruhda sakkizdan yigirma to‘rttagacha bolalar tarbiyalanadi. Bitta tarbiyachi 10 nafargacha bolaga qarashi kerak. Bola uch yoshdan boshlab davlat bog‘chalariga berilishi mumkin. Bog‘chalardagi turli ta’limlar mutlaqo bepul, lekin ular faqat tushlikkacha faoliyat ko‘rsatadi. Bolalar, shuningdek, ritm, musiqa, ingliz tili, yoga va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham qo‘shimcha saboqlar olishi mumkin.

 

Maftuna Karimova, O‘zA

Powered by GSpeech