Dunyo kelajakka sarmoya kiritish o‘rniga urush va mojarolarga 17 trillion dollar sarfladi. Bu haqda BAA kelajak vaziri Muhammad Abdulla Al Gergaviyga tayanib, Al Arabiya xabar berdi.
Vazir 12-fevral kuni Dubayda boshlangan Butunjahon hukumat forumining (WGS) ochilishida tegishli ma’lumot bilan bo‘lishdi.
“O‘tgan yili qurilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi shoshilinch ehtiyojlar o‘rniga urushlar va mojarolar uchun o‘n yetti trillion dollar sarflandi”, — deydi Al Gergaviy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘ning qariyb olti foizi bir yil ichida insoniyat oldida turgan eng muhim muammolar xarajatlarini qoplashi mumkin edi.
“Masalan, ochlik va savodsizlikni bartaraf etish, saraton kasalligiga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash va insoniyatni toza suv bilan ta’minlash mumkin. Tasavvur qiling-a, agar biz insoniyat oldida turgan boshqa muammolarni hal qilishga ko‘proq sarmoya kiritsak, nimaga erishish mumkin edi”, — deydi vazir.
WGS forumida urushlar va qurolli mojarolarga barham berish, ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sish va hokazolarni ko‘rib chiqishdan tashqari, sunʼiy intellekt, uning rivojlanishi va insoniyatga taʼsiri ham muhokama qilinadi.
“Bizni insoniyat sifatida birlashtiradigan narsa bizni ajratib turadigan narsadan ko‘ra ko‘proqdir. Sayyoramizdagi resurslarga yaxshi sarmoya kiritilsa va insoniyat farovonligi uchun foydalanilsa, biz va kelajak avlodlar uchun yetarlidir. Urushda kuchlilar g‘alaba qozonmaydi, aksincha tinchlikni zaiflar yo‘qotadi”, — deydi BAA vaziri.
Uning ta’kidlashicha, global o‘sishning 50 foizi faqat Xitoy va Hindiston — global iqtisodiy o‘sish kelajagini belgilaydigan ikki davlatdan keladi. Birgina Xitoy o‘tgan yili sun’iy intellektga 29 ming patentga sarmoya kiritgan — bu AQSHnikidan to‘rt baravar ko‘p. Bundan tashqari, Hindiston “texnologiya va fan kabi turli sohalarda o‘sib borayotgan super kuchdir”.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasining qolgan qismi global o‘sishning 25 foizigacha hissa qo‘shadi.
Daryo.uz
- Qo'shildi: 14.02.2024
- Ko'rishlar: 2192
- Chop etish