Dunyoning «Yetti mo‘jizasi» ro‘yxati yangilandi (foto)

Britaniyada dunyoning «Yetti mo‘jizasi» ro‘yxati yangilandi. Diqqatga sazovor joylar sayyohlarning tashriflari soni, shuningdek, muayyan obyektning Wikipediadagi sahifasi qancha ko‘rilganiga qarab tanlandi, deb xabar berdi Express.

7-o‘rin. Machu-Pikchu (Peru)

Machu-Pikchu qo‘rg‘oni XV asrda qurilgan. U nima maqsadlarga xizmat qilgani hanuz tarixchilar va arxeologlar o‘rtasida bahslarga sabab bo‘lmoqda. Qadimiy inklar qo‘rg‘oni 1911-yilda qaytadan kashf etilib, 1983-yilda UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Har yili millionlab sayyohlar bu ajib toshqo‘rg‘onni tomosha qilishga oshiqadilar.


6-o‘rin. Eyfel minorasi (Fransiya)

Shubhasiz, Parijni usiz tasavvur qilolmaymiz. Qurilganiga bu yil 137 yil to‘ladi (1887-yil). Quruvchi-muhandis Gyustav Eyfel sharafiga nomlangan, qurilgan paytida 330 metrli minora o‘z davrining eng baland sun’iy inshootiga aylanadi va 42 yil shundayligicha qoldi.


5-o‘rin. Buyuk Xitoy devori (Xitoy)

Jahondagi eng uzun devor. Mamlakatni bosqinlardan himoyalashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan Buyuk Xitoy devorini qurish, o‘rtada tanaffuslar bilan, uzoq vaqt davom etgan, qolaversa, tiklash ishlari bajarilgan. Shu bois unda turli davrlarning me’morchilik an’analarini ko‘rish mumkin. Devorning jami uzunligi 21 196 km, ayrim joylariga yetib borish o‘ta mushkul.


4-o‘rin. Ozodlik haykali (AQSh)

AQShda, Yuqori Nyu-York buxtasidagi Ozodlik orolida, Manhetten oroli janubiy qismidan uch kilometr janubi-g‘arbda joylashgan ulkan haykal. Fransiyada Ogyust Bartoldi qo‘l ostida yasalgan. Haykalni yasash, AQShga keltirish va o‘rnatish ishlariga o‘n yil ketadi. Qo‘lida mash’ala tutgan haykal o‘rtada 1876 yili Filadelfiyadagi Butunjahon ko‘rgazmasida ham qatnashadi. 1884-yilda yig‘ishtirib olinib, hozirgi joyiga keltiriladi va 1886-yilda rasman ochiladi (fransuzlarning saxiyligiga qoyil, Ozodlik haykali Eyfeldan oldin yasalgan).


3-o‘rin. Everest (Jomolungma) cho‘qqisi (Nepal)

Himolay tog‘larining bosh cho‘qqisi Everest — «yettilik»ka qatoriga kirgan yagona tabiat mo‘jizasidir. Sayyoramizning eng baland cho‘qqisi dengiz sathidan 8 848 metr balandgacha bo‘y cho‘zgan.

1953-yilda inson tomonidan ilk marotaba zabt etilgan. Dunyodagi eng mashhur cho‘qqini zabt etish juda xavfli va mushaqqatli sanaladi.


2-o‘rin. Burj Xalifa (BAA)

Dunyodagi eng baland osmono‘parni qurishga olti yil ketgan, 2010-yil 4-yanvarida tantanali ochilish marosimi o‘tkazilgan. Balandligi — 828 metr. Dunyodagi eng baland va eng ko‘p qavatli bino sanaladi. Inshoot ko‘rinishidan stalagmit (g‘orlarda osilib turadigan qirrali minerallar)ni eslatadi.

Burj Xalifani qurish uchun Selsiy bo‘yicha 50 darajagacha issiqqa chidamli maxsus beton ishlab chiqilgan. Beton ishlari 160-qavatgacha yetkazilgan, undan tepasi 180 metrli metall shpildan iborat. Burj Xalifani qurishga 1,5 milliard dollar (o‘sha davr kursida) sarflangan.


1-o‘rin. Tojmahal (Hindiston)

Boburiylarning beshinchi hukmdori Shohjahon tomonidan rafiqasi Mumtozmahal uchun XVII asrda qurilgan maqbara asrlar osha hind-islom me’morchiligining yuksak cho‘qqisi sifatida e’tirof etilib kelinmoqda. Pok muhabbat ramzi haqli ravishda — birinchi o‘rinda!

Xabar.uz

Powered by GSpeech