Kanadadagi falastinliklar va bir guruh huquqshunoslar Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Jolini Isroilga harbiy yordam jo‘natishda ayblab, sudga berdi. Ushbu ariza orqali mamlakatning ichki va xalqaro qonunchilikdagi majburiyati buzilayotgani aytilgan.
Seshanba kuni sudga berilgan da’vo Kanada hukumatidan Isroilga mo‘ljallangan harbiy tovar va texnologiya uchun eksport ruxsatnomasini cheklash maqsadini ko‘zlagan.
– Biz Kanada mahalliy standart va xalqaro huquq majburiyatiga rioya qilishini istaymiz, – degan mamlakat Inson huquqi kengashi a’zosi. – Davlatimiz G‘azonibombardimon qilish orqali ommaviy ocharchilik yuzaga keltirishga hissa qo‘shishini xohlamaymiz. Buning yagona yo‘li Isroilga harbiy yordamni to‘xtatishdir.
Yanvar oyi oxirida kanadalik huquq himoyachilari hukumatga ochiq xat yozib, Ottavani falastinliklarga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan har qanday mahsulot eksportini to‘xtatishga chaqirdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Kanadaning Isroilga qurol eksporti qiymati 2022-yil 15 million dollardan oshgan.
Isroilga harbiy yordam jo‘natilishi ortidan o‘tgan hafta namoyishchilar Kanadaning bir necha shahri, jumladan Vankuver, Kvebek va Skarboroda qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar oldida miting o‘tkazdi.
Kanada Isroilga nima eksport qiladi?
Mamlakat tashqi ishlar vazirligi sud jarayoni haqida jurnalistlarga tayinli javob bermadi. Tegishli departament matbuot xizmati insonlar uchun xavfli bo‘lmagan mahsulot jo‘natilayotganini aytib, uskuna va mahsulot narxi haqida ma’lumot bermagan. Mutaxassislar ta’kidicha, Kanadaning Isroilga harbiy jo‘natmasi bo‘laklarga ajratilgan yoki butlovchi qism shaklida keladi:kosmik uskuna, portlovchi aslaha, raketa va hokazo. Qaysi kompaniya eksportchi ekani haqida esa ma’lumot yo‘q.
Faollar Kanada harbiy ehtiyot qismlari Isroilga AQSH orqali kirayotgan F-35 kabi qiruvchi samolyotga o‘rnatish uchun yetib boryapti, degan taxminda.
Eksport tartibi
Agar jo‘natma tinchlikka, xavfsizlikka putur yetkazadigan mahsulot turiga kirsa, eksport va import ruxsatnomasi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, tashqi ishlar vaziri ruxsatnoma berishni to‘xtatishga majbur. Shuningdek, mahsulot ayollar va bolalarga nisbatan jiddiy zo‘ravonlik harakatida ishlatilsa ham eksportga taqiq qo‘yilishi shart.
Kanada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qurol savdosi shartnomasini imzolagan. Demak, genotsid, insoniyatga qarshi jinoyat uchun ishlatiladigan muayyan aslahaga tashkilot cheklov joriy qilishga haqli.
2021-yil qurol savdosi shartnomasidagi majburiyati tufayli, Kanadaning Liviyaga eksport ruxsatnomasi rad etilgan. Bu gal ham xalqaro huquq ekspertlari Isroilga qurol yetkazib berish Genotsid konvensiyasi buzilishiga olib kelishidan ogohlantirdi. Yanvar oyi oxirida Xalqaro sud dastlabki qarorida G‘azoda genotsid ehtimoli borligini aniqladi va Isroilga bombardimon qilingan Falastin hududida genotsid harakatining oldini olish choralarini ko‘rishni buyurdi.
Gollandiya sudi esa Isroilga tegishli F-35 qiruvchi samolyotlarining xalqaro gumanitar huquqni jiddiy buzishdagi ishtirokini aniqlab, Kanada hukumatiga F-35 bo‘laklarini Isroilga jo‘natishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Inson huquqi faollari Kanada sudidan qonun buzilayotganini tan olish va jarayonni to‘xtatishni so‘ragan.
Sardorbek Poyonov, O‘zA
- Qo'shildi: 07.03.2024
- Ko'rishlar: 1772
- Chop etish