Fes deklaratsiyasi qabul qilindi

Fes deklaratsiyasi qabul qilindi

Marokash qirolligida bo‘lib o‘tgan BMT Sivilizatsiyalar alyansi IX Global forumi yakuni bo‘yicha Fes deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjatda xalqlar tinch-totuv va farovon yashashi uchun zarur omillar sanab o‘tilgan. Bu ro‘yxatdan ta’lim, ayollarning vositachilikda, tinchlik o‘rnatishda ishtiroki, din yoki e’tiqodga asoslangan kamsitishga va murosasizlikka qarshi kurash, inson huquqi himoyasi, shuningdek, tinchlik va tenglik yo‘lida sportni ommalashtirish kabi masalalar o‘rin olgan.

Deklaratsiyada migratsiya masalasi, tinchlik, birgalikda yashash va ijtimoiy totuvlikni ta’minlashda diniy yetakchilar roli, shuningdek, dunyo madaniyatlari orqali ko‘p tomonlama munosabatni tiklash mavzusiga ham o‘rin ajratilgan. Hujjatda internetdagi nafrat uyg‘otadigan fikrga qarshi kurashni kuchaytirish zarurligi ham qayd etilgan.

Bundan tashqari tinchlik davrida va qurolli to‘qnashuv yuz berganda madaniy merosni asrab-avaylashga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro tashabbuslar, jumladan, YUNESKO tashabbuslari yuksak baholangan hamda “Do‘stlar guruhi” a’zolari madaniy meros va diniy ob’ektlarni noqonuniy yo‘q qilinishiga qarshi turishga chaqirilgan.

G. Abdullayeva,

O‘zA

Powered by GSpeech