Mamlakatimizda intellektual mulk muhofazasi qay darajada ta’minlangan?

Mamlakatimizda intellektual mulk muhofazasi qay darajada ta’minlangan?

bugungi texnologik taraqqiyotda intellektual mulk har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, davlatning global iqtisodiyotdagi raqobatbardoshligini belgilab bermoqda.

Xo‘sh, intellektual mulk o‘zi nima? 

Mazkur savol yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi. 

– Intellektual mulk inson tomonidan yaratiladigan ijodiy-aqliy faoliyat mahsuli bo‘lib, iqtisodiyot rivojlanishining tarkibiy qismlaridan biridir. Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning deyarli barchasida intellektual mulk rivojiga katta e’tibor qaratilgani sababli, ularning investitsiyaviy jozibadorligi yaxshilangan, intellektual mulkning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi keskin ortgan. 

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, fuqarolik huquqi tarkibidagi “intellektual mulk” huquki – ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlari, inson ijodiy faoliyati va uning maqsadlaridan foydalanishni, mutlaq hukuqlarni muhofaza qilish hamda g‘oyat keng qamrovli ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Bejizga  intellektual mulkning ahamiyati yildan yilga oshib bormayapti. 

Qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra, intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tovar belgilari va firma nomlaridan noqonuniy foydalangan shaxslar BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha (27 million so‘mdan — 54 million so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi. Qolaversa, endi barcha yuridik va jismoniy shaxslar o‘z nomiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. 

Shuningdek, “Intellektual mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunga ko‘ra, tegishli patentlangan sanoat mulki ob’ektini o‘z ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish kabi harakatlarni sodir etgan yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima solinishi mumkin.  

Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi bo‘yicha alohida belgilanadi. Jarima summasi miqdorining 70 foizi huquqbuzar tomonidan bir oy ichida ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini to‘lashdan ozod etiladi. Intellektual mulkdan faqat egasi emas, jamiyat ham foyda oladi. 

Mamlakatimizda intellektual mulk muhofazasi samarali tashkil qilinganmi? 

Intellektual mulk ekspertizasi va boshqa tartiblar yaxshi tashkillashtirilgan. Qonun bilan himoyalangan. Mualliflik huquqi va sanoat mulki ob’ektlari bilan bog‘liq amaliyot juda kam bo‘lsada, tovar belgilari bilan bog‘liq tajriba bor. 

Jamiyatda intellektual mulkka nisbatan qarashlarimiz to‘g‘ri shakllanishi kerak, deb o‘ylayman. Amaliyotda muallifdan rozilik olish tartibi ham qonunchilik bilan tartibga solingan.   

O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasiga ko‘ra, mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. 

bugungi kunda intellektual mulk hamda innovatsiya respublika milliy iqtisodiyotini rivojlantirish uchun suv va havoday zarur sohalarga aylangan. Bu ikki tizimni bir-birining ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. 

Xulosa qilib aytganda, jamiyatda  intellektual mulk himoyasi uchun barchamiz birdek javobgarmiz. 

 

O‘zA muxbiri  
Muhayyo Toshqorayeva 
yozib oldi

Powered by GSpeech