Nogironlarning repetitor xarajatlari qoplab beriladi

Hukumat qarori (341-son, 21.06.2022-y.) bilan nogironligi boʻlgan yoshlarga oʻqish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi

Reglamentga koʻra, nogiron yoshlarga nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasb-hunar, dasturlash, umumtaʼlim fanlari va xorijiy tillarni oʻrgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha (15 mln soʻmgacha) subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi yoki YAIDXP (https://my.gov.uz/uz) orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtiladi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

oʻqish xarajatlari uchun subsidiya olishda:

- ariza bolaning qonuniy vakili tomonidan berilsa, uning shaxsiy identifikatsiya raqami va bolaning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat;

- nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan ariza beruvchini oʻqitish toʻgʻrisida shartnomaning elektron nusxasi;

yashash va transport xarajatlari uchun subsidiya olishda:

- yoʻl xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari;

- ijara shartnomasi va uning soliq organlarida hisobga qoʻyilganligi haqidagi bildirishnomaning elektron nusxasi.

Davlat xizmati bepul koʻrsatiladi.

Ariza 3 ish kunida koʻrib chiqilib:

▫️subsidiya ajratish haqida elektron tizimga maʼlumot kiritiladi va bu haqida ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi;

▫️nodavlat taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi mahallaning yoshlar yetakchisi zimmasiga ariza beruvchining nodavlat taʼlim tashkilotida oʻqishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish vazifasi yuklatiladi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida ariza beruvchilarga oid maʼlumotlar sir saqlanadi.

Hukumat qarori bilan shuningdek, Nogironligi boʻlgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratishning maʼmuriy reglamenti ham tasdiqlandi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech