O‘zbekiston Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida eng ilg‘or o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kirdi.
Hisobotda huquqiy sohada gender tenglikka erishish yo‘lidagi jahon taraqqiyoti baholanadi. Hujjat 190 ta davlatda, jumladan, O‘zbekistonda ayollarning ahvolini 10 ta ko‘rsatkich: “xavfsizlik”, “harakatlanish erkinligi”, “bandlik”, “mehnatga haq to‘lash”, “nikoh”, “ota-onalik”, “bolalarni parvarishlash”, “tadbirkorlik”, “mulkni boshqarish” va “pensiya ta’minoti” bo‘yicha baholovchi indeksni o‘z ichiga oladi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasining ma’lum qilishicha, “Ayollar, biznes va qonun” hisobotining oxirgi nashri 2022-yil 1-oktyabrdan 2023-yil 1-oktyabrgacha bo‘lgan davrda mamlakatlar qonunchiligidagi tegishli o‘zgarishlarni baholaydi. Bu davrda dunyodagi atigi 18 ta davlat yoki indeksda baholangan davlatlarning 10 foizidan kamrog‘i yuqoridagi ko‘rsatkichlar doirasida ayollarning mavqeyini yaxshilagan huquqiy islohotlarni amalga oshirdi.
Umuman olganda, ushbu 18 ta mamlakat gender tengligiga erishishga qaratilgan 47 ta islohotlarni amalga oshirdi. Xususan, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshta mamlakat, jumladan O‘zbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Kipr va Moldovada to‘qqizta shunday islohot amalga oshirildi.
O‘zbekiston Iordaniya, Malayziya, Syerra-Leone va Togo bilan birgalikda eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlat qatoridan joy oldi. 2022-yil oktyabr oyidan buyon mamlakatda xotin-qizlarning mavqeyini oshirishga qaratilgan to‘rtta muhim huquqiy islohotlar amalga oshirildi, — deyiladi bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabarida.
Ta’kidlanishicha, ushbu islohotlar, xususan ikkita asosiy ko‘rsatkich — “mehnatga haq to‘lash” va “nikoh” doirasida mamlakatning reytingdagi o‘rnini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu O‘zbekiston reytingining 11,9 punktga ko‘tarilishiga olib keldi va mamlakat “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida maksimal 100 balldan 82,5 ball to‘plagan.
O‘zbekiston Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball to‘pladi, shuningdek Markaziy Osiyoda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi.
Daryo.uz
- Qo'shildi: 05.03.2024
- Ko'rishlar: 1761
- Chop etish