Qatag‘on davri lagerlari yoxud aybsiz qamalganlarning borsa-kelmas joylardagi taqdiri

Qatag‘on davri lagerlari yoxud aybsiz qamalganlarning borsa-kelmas joylardagi taqdiri

Bir eksponat tarixi

Tariximizdan ma’lumki, mustabid tuzum davrida qatag‘on, “quloqlashtirish”, surgun siyosati oqibatida yurtimizning milliy taraqqiyoti yo‘lida kurashgan minglab fidoyi farzandlari qatag‘onga uchradi. Ularga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘linib, son-sanoqsiz yurtdoshlarimiz sovuq o‘lkalarga surgun qilindi.  

Ko‘plab millatparvar, ziyoli vatandoshlarimiz o‘zga yurtlarda og‘ir sharoitdagi qamoqxona va lagerlarda ming azob-uqubatlarga duchor qilindi. Ularning ayrimlarigina qamoq muddati tugaganidan so‘ng kasalmand, yarim jon holatda uyiga qaytishga muyassar bo‘lgan bo‘lsa, ko‘pchiligi begona yurtlarda qiynoq, kasallik va ochlik azobidan jon taslim qilgan.  

Toshkent shahridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida uzoq o‘lkalardagi qamoqxona va lagerlarning ko‘rinishi, shart-sharoitini o‘zida namoyon qiladigan ekspozitsiya namoyish etilgan. U haqda batafsil ma’lumot olish uchun muzey xodimiga yuzlandik.   

— O‘sha mash’um “Katta qirg‘in” davrida juda ko‘plab qamoqxonalar qurilgan, — deydi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi bo‘lim boshlig‘i Aziza Ahrorova. — Muzeyimizdan o‘rin olgan ushbu eksponat “Perm-36” qamoqxonasining maketi hisoblanadi. O‘zbekistonlik mahbuslar saqlangani uchun aynan ushbu qamoqxona maketi namoyishga qo‘yilgan. Oq fonda aks ettirilganining sababi qamoqxonalarning barchasi sovuq o‘lkalarda, og‘ir sharoitli hududlarda joylashgan. Qolaversa, mahbuslardan tekin ishchi kuchi sifatida foydalanish maqsadida ular shaxtalarga, o‘rmonzorlarga yaqin joylarda barpo etilgan. 

Barcha lagerlar 3 qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda mahbuslar mehnat qilgan, ikkinchi qismi qamoqxona, uchinchi qismi esa tibbiyot markazi bo‘lgan. Lekin tibbiyot markazining eshigi ramziy ma’noda yopib qo‘yilgan. Chunki bu yerda kasal bo‘lgan mahbuslarga tibbiy jihatdan yordam ko‘rsatilmagan. 

Qamoqxonalarning atrofi 4 qismli devor bilan o‘ralgan. Ikkinchi devordan elektr toki o‘tkazilgan, bu yerdan qochib chiqishning umuman iloji bo‘lmagan. Mahbuslar o‘lsa, shu yerning o‘zida qolib ketavergan. 

Ko‘pgina o‘zbekistonlik mahbuslar juda qattiq sovuq oqibatida turli og‘ir kasalliklarga duchor bo‘lib, vafot etgani haqida ma’lumotlar bor. Masalan, ma’lumotlarga ko‘ra, Usmon Nosir ham xuddi shunaqa sovuq hududlardagi lagerga qamalgan. Qattiq sovuq oqibatida oyoq-qo‘li ishlamay, vafot etgan. Fizika, kimyo fan o‘qituvchisi, ziyoli yurtdoshimiz Husaynxon Niyoziy ham Magadandagi lagerda o‘pka kasalligidan vafot etgani haqida ma’lumotlar mavjud. 

Lagerlarning suratlaridan ko‘rishimiz mumkinki, u yerlardan odam skeleti, suyaklari ko‘p topilgan. Chunki o‘lgan mahbuslar o‘sha yerda ko‘milsa, ko‘milgan yoki o‘z holicha qolib ketavergan. Masalan, Kalima lagerida ham odam skeleti suyaklari shundayligicha saqlanib qolgan, — deydi suhbatdoshimiz.   

Borsa-kelmas, sovuq o‘lkalarga surgun qilingan, og‘ir sharoitlardagi lagerlarda qiynoq va azobda yashagan minglab vatandoshlarimiz ulkan matonat va iroda, qahramonlik namunasidir. Millat taraqqiyoti yo‘lida kurashgan aybsiz aybdorlarning ayanchli taqdiri barchamizni bugungi tinch-osoyishta kunlarning qadriga yetishga undaydi.  

Tariximizdagi qora sahifalarning asl ko‘rinishi aks etgan ushbu eksponatlar har bir tomoshabin qalbida, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida ajdodlarimizga nisbatan hurmat-ehtirom tuyg‘usini uyg‘otishi shubhasiz.  

Muhtarama Komilova,  
Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA

Powered by GSpeech