Rossiyada mehnat migrantlariga taalluqli yana bir cheklov kiritilishi mumkin

Rossiyaga uyushgan tarzda borgan mehnat migrantlari o‘z profili bo‘yicha ishlamasa, mamlakatni tark etishi talab qilinishi mumkin. 

Rossiya Mehnat vazirligi yangi qonun loyihasini tayyorladi, unga ko‘ra Rossiyaga uyushgan tarzda borgan mehnat migrantlari o‘z profili bo‘yicha ishlamasa, mamlakatni tark etishi talab qilinishi mumkin. Bu haqda «Izvestiya» yozdi. 

Loyihada chet el fuqarosining Rossiyada vaqtinchalik mehnat qilish huquqini tasdiqlovchi maxsus hujjat yaratish ko‘zda tutilgan: bunda migrant faqat muayyan ish beruvchi kompaniyada ishlaydi. Ishga qabul qiluvchi kompaniya hujjatlarga muvofiq avans to‘lovlarini amalga oshiradi. 

 Agar mehnat migranti ushbu kompaniyada ishlashdan bosh torsa, u 15 kun ichida Rossiyani tark etishi kerak. Qayd qilinishicha, bu ishchini yollash xarajatlari, jumladan, aviachiptalar narxini o‘z zimmasiga olgan kompaniyada ishlashdan bosh tortish holatlarini bartaraf etadi. Davlat Dumasining Mehnat va ijtimoiy siyosat qo‘mitasi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi. 

Rossiya 2017 yilda O‘zbekiston bilan mamlakat fuqarolarini vaqtinchalik mehnatga, jumladan, qurilish, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi korxonalarga tashkiliy ravishda jalb qilish va yollash bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Xuddi shunday kelishuv Tojikiston bilan ham mavjud. 

Rossiya FXX ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil birinchi choragida Rossiyaga ishlash uchun 1,3 million xorijlik kelgan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘pdir. Jumladan, O‘zbekistondan 630,8 ming, Tojikistondan 349,3 ming, Qirg‘izistondan 172,6 ming, Armanistondan 47,3 ming, Qozog‘istondan 34,7 ming kishi kelgan.

Kun.uz

Powered by GSpeech