Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish kunlari va vaqti belgilandi

Joriy yil 8-oktyabrda boʻlib oʻtgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishlarini tashkil qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar, xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Majlisda saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar uchun 2024-yil 16-23-oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish toʻgʻrisidagi Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

Muddatidan oldin ovoz berish kunlari saylov uchastkalarida ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar davom etishi belgilandi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan davlatdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshirilishi belgilab berildi.

Saylov kodeksi va “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunda nogironligi boʻlgan fuqarolar oʻzining barcha konstitutsiyaviy huquqlarini, jumladan saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga oid qoidalar mustahkamlab qoʻyilgan.

Joriy yil 27-oktyabrda oʻtkaziladigan saylovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 11 nafar va mahalliy Kengashlarga 605 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar deputatlikka nomzod sifatida roʻyxatga olingan.

Shuningdek, saylov komissiyalari tarkibida 1 343 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar faoliyat koʻrsatib kelayotganligi boʻlajak saylovlarda ular uchun teng imkoniyatlar yaratilganligini yaqqol koʻrsatyapti.

Bundan tashqari, boʻlajak saylovlarda nogironligi boʻlgan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengroq taʼminlash maqsadida 830 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan saylovchilarga koʻmak beruvchi volontyorlar biriktirilyapti.

Bugungi majlisda nogironligi boʻlgan shaxslarga oʻz saylov huquqlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida saylov byulletenlarini toʻldirish uchun Brayl alifbosi asosidagi trafaret namunasini tasdiqlash, saylov uchastkalarida nogironligi boʻlgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari, optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda qoʻshimcha yoritkichlar oʻrnatish hamda saylov uchastkasiga mustaqil ravishda bora olmaydigan saylovchilarning saylov kuni turgan joylarida ovoz berishini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasining 19 nafar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Rossiya va Xitoydan 2 nafardan, AQSHning 3 nafar hamda Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Fransiya, Hindiston va Yaponiyaning 1 nafardan vakillari, jami 36 nafar xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Majlis davomida saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

Powered by GSpeech