Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi maxsus sonda

Yetakchi turk nashrlaridan biri- «Business Turk» jurnali Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari hamda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab maxsus son chiqardi.

«Mustaqillik monumentining ilk mehmoni», «Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi sammiti», «10 ta yangi shartnoma», «Rivojlanib borayotgan iqtisodiy aloqalar», «G‘aroyib Xiva shahri», «Diplomatik munosabatning 30 yilligi» sarlavhali maqolalar bosilgan nashrda O‘zbekiston - Turkiya munosabatining tarixi, so‘nggi 5 yildagi rivoji, xususan, ushbu mamlakat Prezidentining yurtimizga mart oyidagi tashrifi natijalari batafsil tahlil qilingan.

«Mustaqillik monumentining ilk mehmoni» maqolasida janob Erdog‘an ilk xorijiy oliy martabali ziyoratchi o‘laroq tashrif buyurgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumentiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. «O‘zbek xalqining 3 ming yillik madaniyatini aks ettiruvchi, balandligi 60 metr Mustaqillik monumenti – “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining qoq markazida joylashgan. Tepasida afsonaviy Humo qushi o‘rnatilgan yodgorlik devoriga tarixiy Buyuk ipak yo‘li o‘yib naqshlangan. Majmuada 5 ta muhim tarixiy shahar - Xiva, Buxoro, Samarqand, Termiz va Toshkentdagi qadimiy obidalar aks etgan...», yozadi muallif. 

«Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi sammiti» nomli materialda turk mushtariylariga sammitda erishilgan natijalar haqidagi ma’lumot havola qilingan. 

Nashr Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning samitdagi quyidagi so‘zlarini iqtibos sifatida keltiradi: «O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan ilk davlat ekanligimizdan doimo faxrlanamiz. Muhtaram qardoshim Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida 6 yildan buyon «Yangi O‘zbekiston» shiori ostida azm-u shijoat bilan amalga oshirib kelinayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan kuzatib kelyapmiz. Buning natijasida O‘zbekiston yanada ravnaq topayotganiga guvohmiz. Biz o‘zaro munosabatni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldik. Turkiya bugunga qadar bo‘lgani kabi bundan so‘ng ham strategik hamkor, do‘st va qardosh O‘zbekistonning yonida bo‘ladi».

Jurnalda tashrif doirasida imzolangan 10 ta yangi shartnoma iqtisodiy sohadagi yutuqlar, O‘zbekistonda tobora ko‘payib borayotgan turk kapitali asosidagi firmalar va turkiyalik tadbirkorlar investitsiyasi hajmini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
«G‘aroyib Xiva shahri» sarlavhali maqoladan tarixiy Xiva shahriga tashrif tafsiloti o‘rin olgan. Maqolada mazkur ko‘hna kentning tarixi, Ichan qal’a majmuasi va Ota darvoza, Muhammad Aminxon madrasasi, Kaltaminor, Ko‘hna Ark, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Juma masjidi kabi qadimiy yodgorliklar Turkiya Prezidentida katta taassurot qoldirgani qayd etilgan.

Maxsus sondan o‘rin olgan materiallarda, shuningdek, joriy yil O‘zbekiston - Turkiya diplomatik munosabatining 30 yilligi keng nishonlanayotganiga urg‘u berilgan.

Mualliflar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari o‘rtasida yaqin va samimiy aloqa o‘rnatilgani barcha sohalarda hamkorlik munosabati jadal tus olishidagi asosiy omil ekaniga e’tibor qaratgan.

Ikki davlat rahbarining ma’rifatga, xususan, kitob mutolaasiga bo‘lgan alohida mehri, hurmati tufayli uchrashuvlar chog‘i o‘zaro kitob almashish an’anaga aylanmoqda, deyiladi materiallardan birida. «2021 yil Turkiy Kengash sammiti doirasida Istanbulga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anga «Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin» kitobining o‘zbek tilidagi tarjimasini sovg‘a qilgan edi. Turkiya Prezidenti esa O‘zbekistonga so‘nggi tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyevga Alisher Navoiyning nodir devonini hadya qildi, deyiladi maxsus sondan o‘rin olgan materialda.

O‘zA

Powered by GSpeech