UNICEF: YeI hududida har to‘rt boladan biri qashshoq

Yevropa Ittifoqi davlatlarida yashovchi har to‘rt boladan biri qashshoqlik va ijtimoiy chetlanishga duch kelmoqda. Bu ma’lumot Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi – UNICEF tomonidan tayyorlangan “Yevropa Ittifoqidagi bolalar holati” hisobotida keltirilgan. Hujjatda ayni ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan qariyb bir millionga o‘sgani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, 2015-2019 yillarda qashshoqlik xavfi 3,1 foiz kamaygan bo‘lsa-da, COVID-19 pandemiyasi, inflyatsiya va boshqa iqtisodiy muammolar tufayli bu raqam yana oshgan.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa bolalari oldida turgan asosiy muammo ruhiy salomatlik va atrof-muhit ifloslanishi, shuningdek, raqamli texnologiya rivojlanishi bilan bog‘liq.

YeI dunyoning eng farovon mintaqalaridan biri sifatida tan olinsa-da, qashshoqlik va ijtimoiy chetlanishning yuqori darajasi, ruhiy salomatlik muammosi, atrof-muhit ta’siri va turli onlayn xatarlar millionlab bolalarni imkoniyatdan mahrum qilmoqda, yosh avlod salohiyatini xavf ostiga qo‘ymoqda.

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech