YUNESKO bilan hamkorlik muhokama qilindi

YUNESKO bilan hamkorlik muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va aloqani rivojlantirish istiqboli batafsil muhokama qilindi.

Rejalashtirilgan anjumanlar jadvali, tadbirlarning tashkiliy jihati bo‘yicha fikr almashildi.

Odri Azule YUNESKO O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlar siyosatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda respublikaga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. U O‘zbekiston tomonini YUNESKOning nufuzli boshqaruv organlaridan biri bo‘lgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaga a’zo bo‘lgani bilan tabrikladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yili Jahon madaniy merosi masalasi bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasi tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibiga doir qator masalalar ham ko‘rib chiqildi. YUNESKO tomoni 2021 yil O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan "Xiva jarayoni: Markaziy Osiyo mintaqasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish" rezolyutsiyasini ilgari surish doirasida faol ishlashga tayyorligini ma’lum qildi.
 

O‘zA

Powered by GSpeech