O‘zbek mumtoz adabiyotida hazrat Alisher Navoiydan keyin ulkan davlat arbobi hamda lirik shoir, qomusiy alloma sifatida Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi turadi.
Undan bizga o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy, jug‘rofiy-madaniy, maishiy turmush tarzidan voqif qiluvchi “Boburnoma”, “Mubayyin” va boshqa bir qancha yetuk g‘azal va ruboiylar meros bo‘lib qoldi.
Ma’lumki, Bobur Mirzo 12 yoshida otasi Umarshayx Mirzo vafotidan keyin podshoh bo‘ladi: “Tangri taoloning inoyati bilan va hazrati on sarvari koinotning sharofati bilan va chohoryori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni ramazon oyining boshida tarix sakkiz yuz to‘qson to‘qquzda Farg‘ona viloyatida o‘n ikki yoshta podshoh bo‘ldum” (“Boburnoma”dan).
Uning ko‘p umri jangu jadallarda o‘tgan. Taqdir taqozosi Boburni ona Vatanidan ketishga majbur qiladi. Bor-yo‘g‘i 300 navkari bilan tog‘-toshlarda sargardon yurib, Afg‘onistonga borib, hokimiyatni qo‘liga oladi.
Bobur Afg‘onistonda o‘z hukmronligini mustahkamlab olgach, Hindistonga yurish qiladi va markazlashgan qudratli davlatni barpo etadi.
Bobur o‘zga yurtlarni bosib, talon-toroj qilmadi. Aksincha, obodonchilik ishlariga katta e’tibor berdi. Go‘zal va maftunkor bog‘-rog‘lar yaratdi. Bobur qayerda bo‘lmasin, ona Vatanini sog‘inib yashadi va unga talpindi:
Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingga tarahhum aylagilkim, anda jonidur.
Sobiq ittifoq davrida Bobur shaxsiga nisbatan bosqinchi sifatida qaraldi. Hech esimdan chiqmaydi. 1985 yil fevralda o‘rta maktabda Alisher Navoiy tavalludini nishonladik. Xuddi shu asnoda Bobur tug‘ilgan kuniga tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Kutilmaganda tadbirni qoldirishdi. G‘alati davr edi. Shukur, u zamonlar ham o‘tdi-ketdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma’rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti. O‘zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz!” deb Zahiriddin Muhammad Boburga yuksak baho bergan.
Darhaqiqat, Bobur Mirzoni ulkan davlat arbobi sifatidagina emas, qomusiy alloma, mumtoz shoir, jasur sarkarda, adolatli va saxovatpesha davlat arbobi, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sifatida ham cheksiz qadrlaymiz.
Boburning tarix oldidagi buyuk xizmatlari shundan iboratki, temuriylarning so‘nggi hukmdori bo‘lib, bu sulolani saqlab qoldi.
Ayni paytda, Hindistondek ulkan mamlakatni birlashtirib, boburiylar sulolasiga asos soldi. 300 yildan ortiq hukmronligi davrida boburiylardan Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda bog‘-rog‘lar, masjid, madrasalar, betakror qasrlar, ulug‘ obidalar, shuningdek, nihoyatda boy ijodiy-ma’naviy meros qoldi. Dunyoning yetti mo‘’jizalaridan biri – Tojmahal maqbarasi Hindistondagi eng katta tarixiy yodgorlik hisoblanadi.
Boburdan bizga ko‘p yaxshiliklar qoldi. “Yaxshilig‘” radifli g‘azali Bobur hayotining yorqin timsoli va yuksak namunasi sifatida hali ko‘p avlodlarimizga saboq bo‘ladi.
Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngil, ahli jahondin yaxshilig‘,
Kimki ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘.
Gar zamonni nafy qilsam ayb qilma, ey rafiq,
Ko‘rmadim hargiz netayin, bu zamondin yaxshilig‘.
Dilrabolardin yamonlig‘ keldi mahzun ko‘ngluma,
Kelmadi jonimg‘a hech oromi jondin yaxshilig‘.
Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung, yamonlig‘ asru ko‘p,
Emdi ko‘z tutmoq ne, ya’ni har yamondin yaxshilig‘.
Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.
Yaxshilig‘ ahli jahondin istama Bobur kibi,
Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngil, ahli jahondin yaxshilig‘.
Ne’matullo MUHAMEDOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”
kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori
O‘zA
- Qo'shildi: 13.02.2024
- Ko'rishlar: 2660
- Chop etish