Konstitutsion islohotlar advokatlar e’tirofida

O‘zbekiston Advokatlar palatasida «Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda advokatlarning faolligi» mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining mas’ul xodimlari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududiy boshqarmasining xodimlari va advokatlar, TDYUU vakillari, Sud’yalar oliy maktabining mutaxassislari, huquqshunos va ekspertlar ishtirok etdi.

Ma’lumki, 2021 yilning 27 aprelida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi yangi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Tadbirda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning umumiy mohiyatini advokatlar va aholining keng qatlamiga tushuntirish, Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasida amaldagi Konstitusiyaning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish, 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim moddalar) kiritilishi taklif etildi.

Konstitutsiyaning 116-moddasida «Jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish uchun mustaqillik va o‘zini-o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslangan advokatura faoliyat ko‘rsatadi», deb belgilanayotganligi shubhasiz advokatura institutini bir pog‘ona ko‘tarilayotganligidan dalolat beradi va ilk bor advokatura tizimini o‘zini-o‘zi boshqaradigan korporativ organi orqali mustaqil faoliyat yuritishi Konstitutsiyaviy norma bilan kafolatlanmoqda.

Shuningdek, davra suhbatining asosiy mavzusi – «Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda advokatlarning faolligi» bo‘yicha fikr, taklif va munosabatlar bildirildi.

Har bir taklif tadbir ishtirokchilari tomonidan muhokama etildi, batafsil ko‘rib chiqildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech