21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni

1996 yil 21-22 noyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotida Birinchi jahon televizion forumi o‘tkazilgan. Keng muhokamalardan so‘ng BMT Bosh Assambleyasining 1996 yil 17 dekabrdagi qarori bilan 21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni deb e’lon qilingan.

Bosh Assambleya televideniyeni turli mojarolar, tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladigan har xil holatlarga hamda iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni o‘z ichiga olgan boshqa muhim masalalarga jahon ahli e’tiborini qaratishda ulkan ta’sir etuvchi kuch sifatida tan olgan. Shuningdek, televideniye jamoatchilik fikrini boshqarishning muhim vositasi ham sanaladi.

Dunyoning ko‘pgina mamlakatlaridagi soha vakillari 21 noyabrni bayram sifatida nishonlasa-da, boshqa barcha ayyomlar kabi ushbu kunda ham ishlaydilar.

Televideniyening kelib chiqishi tarixi deyarli bir asr avvalgi davrga, ya’ni XX asrning boshlariga borib taqaladi.

Zamonaviy yassi ekranli televizorlarning “bobokalonlari” AQSh, Yaponiya va Rossiya hududida tadqiqotlar olib borish jarayonida paydo bo‘lgan. 1930-yillarning boshlarida sovet olimlari va muhandislari Boris Rozing, Semyon Kataev, Aleksandr Konstantinov, Piter Timofeyev, Pavel Shmakov, amerikalik ixtirochilar Vladimir Zvorikin va Filo Farnsuort, britaniyalik muhandis Alan Kempbell Suinton va boshqa olimlarning sa’y-harakatlari, mehnatlari tufayli televizor aholining amaliy foydalanish bosqichiga olib chiqilgan.

Dastlabki televizorlarning ko‘rsatish sifati ham o‘zgacha bo‘lgan. Birinchi televizorlar tasvirni faqat oq-qora ranglarda ko‘rsatgan. 1950-yillarning boshida AQSh, sobiq SSSR va keyinchalik boshqa davlatlarda rangli televizorlar ishlab chiqilgan.

Ammo, ko‘plab manbalarda televizorning vatani deya poytaxtimiz Toshkent shahri e’tirof etiladi. Elektron televideniye 1928 yilda toshkentlik ikki kashfiyotchi B.Grabovskiy va I.Belyanskiy tomonidan yaratilgan bo‘lib, tajriba sifatida qo‘llanilgan ilk televizion uskuna o‘sha paytda “telefot” deb nomlanganligi e’tiborga molikdir.

BMTning dunyodagi gumanitar inqirozlar haqida videomateriallar, inson huquqlari, tinchlik va xavfsizlik, taraqqiyot kabi dolzarb masalalar bo‘yicha hujjatli filmlar tayyorlovchi video-bo‘limi ham mavjud. Mazkur bo‘lim o‘z faoliyatini 1947 yilda boshlagan bo‘lib, Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasini amalga oshiradi. Materiallar BMTning 6 ta ish tilida tayyorlanadi.

Bugun televideniyesiz hayotni tasavvur qilish qiyin. U orqali cheksiz axborotu ma’lumotlar olish, insonlarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirish mumkin.

Hozirgi vaqtda televideniye xalqning haqiqiy minbariga aylangan bo‘lib, u orqali aholining murojaatlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jonli tarzda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvlar bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Ushbu ko‘rsatuvlar orqali aholining qiynab kelayotgan muammolari, tashvishlari va tegishli masalalari bo‘yicha mas’ul idoralar vakillari savollarga javob qaytariladi. Shuningdek, yurtdoshlarimizning murojaatlari yechimi bo‘yicha amaliy ishlar qilishga kelishib olinmoqda. Keyingi ko‘rsatuvlarda bu haqda axborotlar berish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, bu turdagi ko‘rsatuvlarning ta’sirchanligini, natijadorligini oshirish uchun tanqidiy va tahliliy lavhalar tayyorlanib, efirga uzatilmoqda. Bu borada televideniye xodimlarining mas’uliyati juda kattadir. Chunki tayyorlangan har bir ko‘rsatuv ortida xalqning umidi, ishonchi turibdi.

Bugun axborotni tezkorlik bilan yetkazish borasida internet va ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyati ancha kengaygan. Odamlar biror voqea-hodisa haqida qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot olyapti. Bu jarayonda televideniyening imkoniyatlarini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish taqozo etiladi.

Shunday qilib, BMTning sobiq Bosh kotibi Kofi Annan aytganidek, “Butunjahon televideniye kuni – televideniyening tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashdagi roliga e’tibor qaratish uchun har yili nishonlanadi”.

 

 

Otabek Norboyev,

Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech