Alisher Navoiy ijodi Janubiy Koreya matbuoti nigohida

SEUL, 13-fevral. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyaning «Diplomacy Journal» jurnalida akademik, yuridik fanlar doktori Akmal Saidovning g'azal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag'ishlangan "Mamlakat ustuni, davlat tayanchi" sarlavhali maqolasi chop etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, Alisher Navoiy ma'rifatparvar shaxs sifatida o'zi yashagan davrda ham, keyingi davrlarda ham tarixiy manbalarda alohida qayd etilib, she'riy asarlarda keng ta'rif va tavsif qilingan. Besh asrdan ziyod muddat mobaynida buyuk shoirning hayot yo'li va ijodiy faoliyati haqida juda ko'p kitoblar yozilgan.

Hazrat Alisher Navoiy asarlari mag'ziga singdirilgan hayotiy falsafa zamirida odamiylik va bag'rikenglik, ezgulik va adolatparvarlik g'oyalari o'z mujassamini topgan. Yangi O'zbekistonni barpo etayotgan va uchinchi Renessans poydevorini tiklayotgan zamondoshlarimiz shunday ezgu fazilatlarning sohiblari bo'lishi farzu qarzdir. Nega deganda, O'zbekiston Prezidentining "Ma'naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak", degan chorlovi aynan shuni taqozo etadi.

Akmal Saidovning yozishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ham o'zbek tilini o'qitish samarasini oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Milliy sertifikatga ega bo'lgan "O'zbek tili va adabiyoti" fani o'qituvchilariga yangi o'quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to'lanishi qayd etildi. Davlatimiz rahbari, shuningdek, boshqa tillarda ta'lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o'rganishga rag'batlantirish choralari ko'rilishini qayd etdi. Boshqa tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarda davlat tilini o'qitish soatlari ko'paytirilishi, o'zbek tili bo'yicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etilishi ta'kidlandi.

"Shu ma'noda, «Amir Alisher. Hayoti va faoliyati" kitobida buyuk ajdodimizning turkiy adabiy til asoschisi ekaniga oid qiziqarli ma'lumotlar taqdim etilgani diqqatga sazovor. Masalan, Alisher Navoiyning turkiy til mavqeini ko'tarish yo'lidagi kurashi haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, "Muhokamat ul-lug'atayn" asariga to'xtalish ayni muddaodir. Zero, ushbu asar timsolida uning muallifi tilimizning boy imkoniyatlarini ko'rsata olgan va arab hamda fors tillaridan hech qaysi jihatdan kam bo'lmagan go'zal va qudratli til ekanligini isbotlab bergan zabardast tilshunos olim sifatida o'zini yorqin namoyon etgan», — deb yozadi muallif.

Powered by GSpeech