26-sentyabr kuni Tatariston poytaxtida III Qozon xalqaro yuridik forumi boshlandi. Tadbir Tatariston Respublikasi, Qozon shahar meriyasi, Qozon federal universiteti va Rossiya huquqshunoslari uyushmasi tomonidan tashkil etildi.
Forumda Rossiya va 20 dan ortiq xorijiy davlat, shu jumladan O‘zbekistondagi yetakchi huquq maktablari olimlari, davlat tashkilotlari va biznes sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Yagona mushohadalar maydonida yuridik ta’lim, fan va amaliyot masalalari yuzasidan maqbul ekspertlik yondashuvlarini ishlab chiqish hamda samarador qarorlar qabul qilishga keng e’tibor qaratilayotir.
Rossiya Davlat dumasining Davlat qurilishi va qonunchilik qo‘mitasi raisi Pavel Krasheninnikov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Tatariston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Nigmatullin, Qozon shahrining meri Ilsur Metshin, “SIBUR-RT” AJ bosh direktori Ayrat Safin, Qozon federal universiteti rektori, Qozon xalqaro yuridik forumi hamraisi Lenar Safin tadbirning boshlanishida so‘zga chiqdi.
Forum ishida, shuningdek, Rossiya, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa ko‘plab davlatlarning yetakchi ekspertlari faol qatnashmoqda. Mingdan ortiq ishtirokchi mamlakatning yetakchi ekspertlik maydonida uchta asosiy yo‘nalish – hukumat, biznes, yuridik ta’lim va fan sohalarida qizg‘in muzokaralar olib bormoqda.
An’anaviy anjumanning bu galgi yangi sessiyalari asosan Rossiya Federatsiyasi ta’sis subyektlarida konstitutsiyaviy nazorat va prokurorlar nazorat faoliyati masalalariga bag‘ishlangan. Tadbirkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan sessiyalarda sohani huquqiy himoya qilish muammolari muhokama markazida turibdi.
Alohida sessiya Qozon universiteti tashkil topganining 220-yilligiga bag‘ishlandi. Ekspertlar tomonidan Qozon huquq maktabi vakillarining Rossiya ilm-fani va ta’limidagi o‘rni va ta’siri munosib e’tirof etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.09.2024
- Ko'rishlar: 324
- Chop etish