INSONNING SAYLOVGA OID HUQUQLARI HAMDA UNING KONSTITUTSIYAVIY ASOSLARI
Saylov – demokratik davlatning eng asosiy belgilaridan biri bo‘lib, fuqarolarning ovoz berishi orqali davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibini tashkil etish vositasidir. Saylovlar xalq irodasini ifoda etib, uning davlat boshqaruvida bevosita yoki saylangan vakillari orqali ishtirok etishini ta’minlaydi.
Saylov huquqiga oid xalqaro standartlar, prinsiplar va andozalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator universal tusdagi xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan. Xususan, 1948-yil 10-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga egaligi hamda xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi, bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozimligi haqidagi fundamental normalar mustahkamlangan.
Shuningdek, BMT tomonidan qabul qilingan yana bir hujjat, ya’ni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasiga muvofiq, har bir fuqaro kamsitishlarsiz hamda asossiz cheklovlarsiz bevosita va erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish, shu bilan birga, umumiy va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovchilarning erkin holdagi xohish-irodasini ta’minlovchi chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish huquqiga egaligi kafolatlari belgilangan.
Bundan tashqari, saylov huquqiga oid prinsiplar 1965-yil 21-dekabrda qabul qilingan Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida xalqaro konvensiyaning 5-moddasida hamda 1963-yil 20-noyabrda qabul qilingan Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida BMT deklaratsiyasining 6-moddasida ham mustahkamlab qo‘yilgan.
Bugungi kunda mamlakatimiz davlat rahbari boshchiligidagi ortga qaytmas demokratik islohotlar va amaliy tashabbuslar davrida dadil odimlamoqda. Davlatimiz tomonidan saylovga oid umum’tirof etilgan xalqaro standartlarni o‘zida to‘la aks ettirgan milliy saylov tizimini shakllantirish va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, saylov qonunchiligiga xalqimizning milliy qadriyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan va umuminsoniy prinsiplarga mos bo‘lgan xohish-irodasini yanada keng singdirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bu borada alohida e’tirofga sazovor islohotlardan biri sifatida 2019-yil 25-iyun kuni Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi imzolanganini ta’kidlash o‘rinlidir. Mazkur Kodeks “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi kabi tarqoq holdagi qonunlarni hamda Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid bir qator nizom va yo‘riqnomalarini yagona hujjatga mujassamlashtirish orqali yaratildi.
Saylov kodeksi loyihasini tayyorlashda Fransiya, Belgiya, Braziliya, Belarus va Ozarbayjon kabi 50 dan ortiq ilg‘or xorijiy davlatning saylov qonunchiligiga oid tajribasi o‘rganildi hamda xalqaro huquqiy ekspertizasidan o‘tkazilganligi bo‘yicha Venetsiya komissiyasining tegishli xulosasi olindi. Loyihaga, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tavsiyalari singdirildi.
Natijada ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishiga ruxsat berildi. Quyi palataning barcha deputatlari bevosita fuqarolar tomonidan saylanishi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan vakillar saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud prezidentlikka nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo qo‘yishga haqli ekanligi ushbu Kodeksda mustahkamlab qo‘yildi.
Eng asosiysi, 2023-yil 30-aprelda ijtimoiy-siyosiy hayotimizda katta voqea – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasini maqbullash uchun umumxalq referendumi o‘tkazildi. Referendum natijasiga ko‘ra, saylovchilarning 90,2 foizi Qonunning 1-moddasiga ilova qilingan Konstitutsiyaning yangi tahririni yoqlab ovoz berdi.
Yangilanish natijasida, Asosiy qonundagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman olganda, Konstitutsiya 65 foiz yangilandi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekanligi, 36-moddada esa fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi kabi demokratik ruhdagi me’yorlar o‘z aksini topdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada demokratik saylov tamoyillari konstitutsiyaviy asoslarda qat’iy mustahkamlandi. Bir qator moddalarda fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi kafolatlandi.
Bosh qomusimizning alohida XXII bobi aynan saylov tizimi, shu bilan birga, fuqarolarning saylovga oid asosiy huquqlarini kafolatlashga bag‘ishlangan. Konstitutsiyaning 128-moddasida har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolar saylash huquqiga egaligi, saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi ko‘rsatildi.
Asosiy qonunning 129-moddasiga binoan, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Shu o‘rinda Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlarigagina amal qilib ish ko‘rishi lozimligi konstitutsiyaviy asoslarda e’tirof etildi.
Konstitutsiyaviy islohot natijasida yana bir yangi institut – saylov huquqiga ega bo‘lgan yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar ilk bora qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish huquqini qo‘lga kiritdi. Ya’ni, bu – bevosita qonun ijodkori sifatida fuqarolarning shaxsan o‘zlari tashabbus ko‘rsatishi mumkin, deganidir.
Joriy yilning 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi.
Saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 15 milliondan ortiq fuqaro yoki 74,72 foiz saylovchi ishtirok etdi. Saylovlarda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. Shu asosda 40 ta mamlakatda tashkil etilgan 57 ta saylov uchastkasida jami 140 ming 388 nafar saylovchi ovoz berdi.
Mamlakatimizdagi parlament saylovi xalqaro jamoatchilik va ekspertlar tomonidan ham katta qiziqish bilan qarshi olindi. Saylovni 65 ming ziyod mahalliy kuzatuvchi, 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi, 1 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy OAV vakillari keng yoritishda ishtirok etdi.
Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida o‘tganini e’tirof etdilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida ishtirok etar ekan, quyi palataning yangi saylangan va mandatiga kirishayotgan deputatlariga qarata: “Siz joylardagi odamlarning vakili, xalqning ovozisizlar. Buyuk xalqimiz bildirgan ishonchga munosib bo‘lishingiz kerak. Har bir masalaga yondashuvda, qonunlar ishlab chiqishda uzoq-yaqin tumanlardagi insonlarni ko‘z oldingizga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarni ham o‘ylab ish tutsangiz, elimiz sizdan rozi bo‘ladi,” deb ta’kidladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, xalqning xohish-irodasini to‘la ifoda etgan hamda konstitutsiyaviy kafolatlangan milliy saylov tizimi va shu asosda o‘tkazilgan saylovlar mamlakatimizda sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan dadil demokratik islohotlar amalda ro‘yobga chiqayotgani va yuksak samaralar berayotganining yorqin dalilidir.
Xolmuhammad Abdurasulov,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 30.11.2024
- Ko'rishlar: 428
- Chop etish