16-mart – Rangli qalamlar kuni
Dunyoning turli mamlakatlarida tobora keng nishonlanayotgan bu g‘aroyib bayramning tarixi haqida Internet va boshqa manbalarda aniq ma’lumot uchramadi. Ammo, ushbu sana tabiat turfa gullar va ajib ranglarga burkangan go‘zal bahor fasliga mutanosibligining o‘ziyoq uning muayyan mantiqiy asosga ega bayram ekanini tasdiqlaydi.
Rangli qalamlar tarixi xususida esa ma’lumotlar ko‘p va xilma-xil. Bu haqda batafsil fikr yuritishdan oldin “qalam” so‘zining ma’nosini aniqlab olaylik. Lug‘atlarda qalamga har xil ta’riflar berilgan.
Qalam – xat yozish, rasm solish, chizma chizish uchun ishlatiladigan chizmachilik quroli.
Qalam – sirtlarga o‘yib gul va naqsh solishda hamda haykaltaroshlikda qo‘llanadigan metall asbob.
Bundan tashqari, qalamning qamish qalam, mo‘yqalam, tosh qalam (grifel), po‘lat qalam (pero) kabi turlari ham mavjud.
Rangli qalamlar mavzusiga qalamning dastlabki ma’nosi bevosita yaqin. Chunki aynan xat yozish va rasm solish uchun ishlatiladigan qalamlar yog‘och yoki metall qobiq ichiga olingan mo‘rt, ya’ni sinuvchan material – ko‘mir, qo‘rg‘oshin, grafit, quruq bo‘yoqli o‘zakdan yasalgan bo‘ladi.
Qadimda xalqlar, shu jumladan, Sharq xalqlarida xattotlar siyoh bilan yoziladigan qamish qalamlardan foydalanishgan. Agar qalamning ruscha “karandash” degan nomi turkiy tildagi “qoratosh”, ya’ni ko‘mir (yoki grafit) so‘zidan olingani nazarda tutilsa, ushbu yozuv asbobining kelib chiqish tarixi o‘zimizning Turon-Turkiston zaminiga kelib taqalishi ham ajablanarli emas.
Alisher Navoiy asarlarida “qalam” so‘zi ko‘p uchraydi. Xususan, “Lisonut-tayr” dostonida shunday misra bor:
Asma’iy chekti qalam birla davot,
Yozdi ul tahrirning ostida bot.
Navoiy asarlarida rangli qalamlar ham tilga olingan bo‘lib, ular “qalamgun” so‘zi bilan ifoda etilgan. Tabiiyki, qora qalam ham rangli qalamlar sirasiga kiradi. Hazratning “Xazoyinul-maoniy” asaridan shu haqda bir bayt:
Magar huro sochin qildi qalamgun sabhasin kog‘az,
Qilurda sun’ naqqoshi nigorim suratin tasvir.
Navoiy zamonida qalamga hurmat-e’tibor nihoyatda yuksak bo‘lgan. Binobarin, ayni shu so‘z negizida yasalgan “qalamiy” kalomi – so‘z, yozuv, asar; “qalamkash” – yozuvchi; “qalamzan” – kotib, mansabdor ma’nolarida qo‘llangan. Hatto, “qalamrav” so‘zi mulk, ya’ni hukmdorning qo‘l ostidagi yerlar, degan juda keng mazmunni ifoda etgan.
Ajdodlarimiz qalamning forsiy tildagi “xoma” shaklini ham qo‘llaganlar. Shu jihatdan, “xomaki” – asarning qalamda yozilgan qoralamasi, oxirigacha ishlov berilmagan dastlabki nusxasi, deganidir.
Boshqa manbalarga qaraganda, qora qalamlar dastlab IV asrda Qadimgi Rimda ixtiro etilgan. Bu qalamlar, odatda, ikkita cho‘pcha orasiga qistirilgan ko‘mir yoki qora slanes loyi bo‘lagidan iborat bo‘lgan. Keyinchalik cho‘p o‘rniga qo‘rg‘oshin bo‘lagidan foydalanilgan. Bunday qalamni ishlatish uchun rassomlar qo‘rg‘oshin dastachaga qog‘oz o‘rashlariga to‘g‘ri kelgan.
VI asrdan grafit qalamlar urfga aylangan. Xususan, fransuz olimi N.Kante 1790-yilda hozirgi ko‘rinishdagi, ya’ni grafit o‘zakli cho‘p qalamni ixtiro qilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida o‘zagi qisib qo‘yiladigan yoki burab chiqariladigan qalamlar paydo bo‘lgan va XX asrda keng tarqalgan.
Qora qalamlar yoniga rangli qalamlarning qo‘shilishi uchun oradan yana uch asr vaqt o‘tdi. Ya’ni, faqat XX asrdagina bizga yaxshi tanish bo‘lgan ko‘rkam va bejirim rangdor qalamlar davri boshlandi. Endilikda turli ranglardagi qalamlar sanoat korxonalarida tayyorlanadi.
Dastlab rangli qalamlar to‘plami atigi 8 dona bo‘lgan va XX asr o‘rtalarida bu to‘plam yana 40 rangdagi qalamlar bilan to‘ldirilgan. Hozirgi kunda rangli qalamlar to‘plami 120 dan ziyod rangdagi qalamlardan iborat.
Agar oddiy qora qalamning yozadigan o‘zagi sifatida faqat grafitdan foydalanilsa, rangli qalamlar o‘zagini yasashda mum, moy, yelim, bo‘yoq kabi turli moddalar aralashmasi ishlatiladi. Endilikda bo‘yoq izlarini suv bilan o‘chirsa bo‘ladigan juda qulay rangli qalamlar ham kashf etilgan.
Rangli qalamlarni xarid qilishda ularning rangi uniqmasligi, yumshoqligi, yorqinligi, qulayligi kabi ko‘plab sifatlari e’tiborga olinadi. Bugungi kunda qalamlar chizmachilik, rassomlik, loyihachilik, grimchilik, pardoz-andoz, duradgorlik va boshqa sohalarda ishlatiladi.
Bu hayotda rassom, chizmakash, duradgor yoki yosh bola bo‘lmasa-da, rangli qalamlardan unumli foydalanadigan insonlar ham uchraydi. Rahmatlik ustozim – atoqli tarjimashunos olim G‘aybulloh as-Salomning shunday g‘aroyib odatlari bor edi.
Domlaning qo‘lyozmalarni tahrir qilish jarayonida va dastxatu tabriknomalar bitishda turlicha rangdagi qalamlar va zamonaviy flomasterlarni qoyilmaqom bir mahorat bilan ishlatganlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov o‘z xotiralarida bu xususda alohida to‘xtalib:
“G‘aybulla Salomovning juda ko‘p maqolalari, risolalarini qo‘lyozmada o‘qiganman. Hech kim shunday emas. U qo‘lyozmalarini noyob bir husnixat bilan yozardi. Turli rangdor qalam, flomasterlar bilan ularga ishlov berar, sarlavhalar, bosh harflarni alohida qunt va ixlos bilan bezatardi. Uning qo‘lyozmalarini san’at asari kabi tomosha qilib, varaqlab o‘tirishni yaxshi ko‘rardim. Uni olimdan ko‘ra ko‘proq kalligrafga o‘xshatardim. Bu noyob san’at unga qayerdan, tabiatning qay mo‘jizakor yeridan tortiq etilganligi ustida o‘ylardim. Ota-bobolarida bo‘lmasa farzand qo‘lida nodir chiziqlar qayerdan tug‘ilsin?”, deb qayd etgan (“G‘aybulloh as-Salom zamondoshlari xotirasida”, Toshkent, 2002. – 8-bet).
Shuni ham eslatish joizki, yana bir necha kundan keyin – 30-martda qalam kashf etilgan sana xalqaro miqyosda nishonlanadi. Fursatdan foydalanib, qalam haqidagi ayrim qiziqarli ma’lumotlarga e’tibor qaratamiz:
-
bitta odiy qalam bilan 56 kilometr uzunlikdagi chiziq chizish yoki 40 mingtadan ortiq so‘z yozish mumkin;
-
dunyodagi eng ulkan qalamning bo‘yi 12 metrga, vazni esa 24 sentnerga teng;
-
eng mitti qalamning hajmi 2 santimetrga ham yetmaydi;
-
Yer yuzida har yili 14 milliard donadan ziyod qalam ishlab chiqarilmoqdaki, ularni bir-biriga ulanadigan bo‘lsa, sayyoramiz uchun 62 ta belbog‘ bo‘lar ekan;
-
hisob-kitoblarga ko‘ra, qalamda yozilgan bitta harfning vazni 0,00033 grammga teng;
-
bitta ulkan daraxtdan taxminan 300 mingta qalam yasasa bo‘ladi.
Qalamning noyob xususiyatlaridan yana biri shundaki, u suv tubida va koinotda ham bemalol ishlatsa bo‘ladigan yagona yozuv quroli hisoblanadi. Ular o‘zagining qattiqlik darajasi bo‘yicha yumshoq (belgisi – M), qattiq (T) va o‘rtacha qattiq (MT) turlarga bo‘linadi.
Yana bir e’tiborli jihat: ilm-fanda ranglar inson ruhiyatiga juda katta ta’sir ko‘rsatishi allaqachon isbotlangan. Xususan, ranglar vositasida ish unumini oshirish, odamlardagi bir qator kasalliklarni davolash mumkin. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ranglarning ana shu betakror xususiyatlaridan oqilona foydalaniladi.
Ranglarni tadqiq etishga, ayniqsa, yaponlar ilgaridan jiddiy e’tibor berib kelishgan. Shu bois dunyoda yagona bo‘lgan Rang instituti Tokio shahrida faoliyat ko‘rsatadi. Bu dargohda ranglar har tomonlama tadqiq etiladi, xususan, ranglarning inson ruhiyatiga ta’siri sinchiklab o‘rganiladi. Shuningdek, “Rang asoslari” deb nomlangan fan Yaponiya maktablari dasturiga ham kiritilgan.
Xalqimiz tilida: “rangi sovuq” yoki “istarasi issiq” degan iboralar tez-tez uchraydi. Xo‘sh, ranglar issiq va sovuq bo‘lishi mumkinmi?
Ma’lumotlarga qaraganda, ranglar olamini ikkiga bo‘lib, birinchi yarmiga – issiq, ikkinchi qismiga sovuq ranglarni kiritish kashfiyoti asosan rassomlarga mansub ekan. Bunga sabab shuki, qizil, zarg‘aldoq, sariq ranglar – olovni, qizigan temirni, cho‘g‘ni; havo rang, zangori, ko‘k ranglar esa, muzni, suvni eslatadi. Bunday farqlanish, albatta, nisbiydir.
Darvoqe, sarlavhada qayd etilgan “Renessans” tushunchasi bilan rangli qalamlar o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
Gap shundaki, insoniyatning olis va shonli tarixidagi Sharq ham, G‘arb ham guvohi bo‘lgan barcha Uyg‘onish davrlarida xattotlar rangli qalamlarda eng sara asarlarni ko‘chirgan va tarqatgan bo‘lsa, rassomlarning aksariyat buyuk ijod namunalari ham aynan rangli qalamlarda chizilgan.
Bugun maktablarda – bolalarimizning, bog‘chalarda –nabiralarimizning jajji qo‘llarida rangli qalamlarni ko‘rib quvonishimiz bejiz emas. Chunki navqiron avlodimiz vakillari Uchinchi Renessansning serjilo timsolini chizmoqdalar, Yangi O‘zbekiston va Yangi Uyg‘onish davri qiyofasini yorqin ranglarda yaratmoqdalar!
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 14.03.2025
- Ko'rishlar: 286
- Chop etish