15-mart – Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni
Islomofobiya – islom dini va musulmonlarga nisbatan asossiz qo‘rquv, nafrat, kamsitishni anglatadigan illat bo‘lib, ba’zida qo‘rqitish yoki ta’qib qilish shaklida ham namoyon bo‘ladi. So‘nggi yillarda uning tobora keng tarqalayotgani ayanchlidir.
Bugungi kunda islomofobiya jahon hamjamiyati oldida turgan eng yirik muammolardan biridir. Uning zarari faqat musulmonlar bilan cheklanib qolmay, balki butun jamiyat, hattoki davlatlarga ham zarar yetkazadi. U sababli turli millat va dinga mansub odamlar bir-biridan uzoqlashadi, jamiyatda nafrat kuchayadi, tinchlik buziladi.
Shu ma’noda, har yili 15-mart – Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni sifatida dunyo miqyosida nishonlanayotgani alohida ahamiyatga loyiq. Bu sana Islom Hamkorlik Tashkiloti va Pokiston Islom Respublikasi tashabbusi bilan 2022-yil mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi tomonidan rasman belgilangan bo‘lib, uni nishonlashdan maqsad dunyo bo‘ylab musulmonlarga nisbatan adolatsizlik va kamsitishlarga qarshi kurashish, shuningdek, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashdir.
Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni sifatida 15-mart sanasining belgilanishi tasodifiy emas. Aynan shu kuni 2019-yilda Yangi Zelandiyaning Kraystchyorch shahridagi ikki masjidda terrorchilik hujumi sodir etilgan. O‘sha kuni terrorchi Brenton Tarrant masjidda namoz o‘qiyotgan 51 nafar begunoh musulmonni o‘qotar qurollar bilan shafqatsizlarcha o‘ldirgan, 40 nafariga jarohatlar yetkazgan. Mazkur voqea butun dunyoga islomofobiyaning qay darajada xavfli ekanini ko‘rsatib berdi va xalqaro hamjamiyatni ushbu muammoga qarshi birlashishga undadi.
Islomofobiyaning tarixi VIII-IX asrlarda islom dinining Yevropaga kirib borishiga taqaladi va salib yurishlari davrida u kuchayadi. Ushbu davrlarda musulmonlarga “varvarlar” (madaniyatdan yiroq yovvoyi odamlar) sifatida qaralgan. Ammo aynan o‘sha davrlarda islom olami ilm-fan, madaniyat, falsafa, tibbiyot, arxitektura va boshqa ko‘plab sohalarda dunyo sivilizatsiyasi markazi hisoblangan. Usmonlilar imperiyasi kuch-qudratga to‘lgan O‘rta asrlarda esa Yevropa davlatlari bilan munosabatlar taranglashuvi islomofobiyaning yanada qaltis tus olishiga sabab bo‘lgan.
XX asr oxiri – XXI asr boshlarida aqidaparastlikning kuchayishi asnosida “islomofobiya” atamasi istifodaga kiritildi. Ayni shu davrda ba’zi guruhlar o‘z mafkuraviy maqsadlarini himoya qilish uchun islomni go‘yoki zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi din sifatida ko‘rsatishga urindi, ular hatto yer yuzining turli mintaqalarida terrorchilik aktlari sodir etishgacha borib yetdi.
Bu o‘rinda, 2001-yil 11-sentyabr kuni AQSHda sodir etilgan terrorchilik aktlari islomofobiyani keskin kuchaytirib yuborgani, shundan keyin amerikaliklar va boshqa ko‘plab xalqlar islomni terrorizm tushunchasi bilan bir xil ma’noda qo‘llay boshlaganlarini eslatish lozim bo‘ladi. O‘shanda islom dini namoyandalarining terrorchilikni qoralashi, islom tinchliksevar, adolatparvar hamda bag‘rikeng din ekanligi, shu bilan birga mazkur terrorchilik aktlarini sodir etgan shaxslar butun musulmon olamining juda kam qismini tashkil etishi to‘g‘risidagi fikrlariga deyarli e’tibor qaratilmadi.
O‘z navbatida, migratsiya jarayonlarining kuchayishi natijasida ko‘plab arab va afrika davlatlaridan musulmon aholining Yevropaga ko‘chib kela boshlashi Yevropada ham islomofobiyani kuchaytirib yubordi. Bunga asosan jamiyatning ba’zi qatlamlari musulmonlarni o‘z an’analari va xavfsizligiga tahdid soluvchi kuch sifatida qarashi sabab bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda islomofobiya global muammoga aylanib ulgurdi. Bu nafaqat ayrim shaxslar, balki butun jamiyatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy ijtimoiy muammodir. Oxirgi yillarda ba’zi davlatlarda musulmonlarga qarshi nafrat qo‘zg‘atuvchi chiqishlar va zo‘ravonliklar ko‘paygani kuzatilmoqda. Ayrim siyosiy kuchlar islomofobiya vositasida musulmonlarga nisbatan salbiy qarashlarni shakllantirishga muttasil harakat qilmoqda.
Shuni ham qayd etish joizki, islomofobiya Qur’onni yoqish, Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamni haqorat qilish, “so‘z erkinligi” niqobi ostida qariyb ikki milliard insonning muqaddas ta’limoti, e’tiqodi va diniy qadriyatlarini ochiqdan ochiq haqorat qilish kabi harakatlar shaklida ham ko‘payib bormoqda.
O‘zlarini “inson huquqlarining himoyachilari” deya bong urayotgan ba’zi G‘arb davlatlarida esa islomofobiya bilvosita qo‘llab-quvvatlanib, bunday harakatlarni amalga oshirishga sharoit ham yaratib berilmoqda. Ayrim shaxslarning so‘z erkinligi huquqini himoya qilish bahonasida musulmon ahlining tenglik, kamsitmaslik hamda vijdon erkinligi kabi huquqlari poymol etishi holatlariga qarshi choralar ko‘rilmayapti.
Shu kabi holatlardan ba’zilarini qisqacha tahlil qilib ko‘raylik.
Islomofobiya jamiyat va davlat hayotiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Islomofobiya nafaqat shaxsiy huquqlarni buzadi, balki jamiyatda ig‘volarni kuchaytiradi, ijtimoiy tarqoqlikni oshiradi, hatto global xavfsizlikka salbiy ta’sir qiladi. Bu muammoni tizimli ravishda tahlil qilib, uning oqibatlarini tushunish va yechimlarini izlash zarur. Xususan, islomofobiyaning salbiy oqibatlari bir qator omillarda namoyon bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, islomofobiya jamiyat birdamligiga zarar yetkazib, unda nafrat va adovatning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Chunki islomofobiya odamlar orasida bo‘linish va salbiy munosabatni yuzaga keltiradi. Musulmonlarning huquqlari buziladi, ular o‘zlarini kamsitilgan, tahqirlangan his qiladilar. Bu nafaqat musulmonlarga, balki umumiy ijtimoiy muhitga ham yomon ta’sir qiladi. Turli madaniyat va fikrlarning hamjihatligiga erishilmaydi, aksincha, ularning bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilishi oqibatida jamiyat taraqqiyoti sekinlashadi.
Ikkinchidan, mamlakatda demokratiya va inson huquqlari buzilishi holatlari kuzatiladi. Islomofobiya o‘z tabiatiga ko‘ra inson huquqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid bo‘lib, insonning bir qator fundamental huquqlari poymol etilishiga sabab bo‘ladi. Bu o‘rinda, xususan, erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, tenglik, kamsitmaslik, fikr, so‘z va vijdon erkinligi, mehnat qilish kabi huquqlar haqida so‘z bormoqda. Ba’zi davlatlarda musulmonlarning huquqlari cheklanayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Xususan, Yevropaning ayrim mamlakatlarida ayollarning jamoat joylarida hijobda yurishi, masjidlar qurilishi cheklanishi, diniy tashkilotlarning davlat tomonidan yopilishi kabi holatlar demokratik qadriyatlarga ziddir.
Uchinchidan, islomofobiya mintaqaviy va global miqyosda ekstremizm va radikalizmning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Ba’zi hollarda islomofobiya musulmon aholi orasida ekstremistik kayfiyat kuchayishiga, o‘zlarining buzilgan huquqlarini turli radikal yo‘llar bilan qaytarishga urinish holatlariga olib kelishi mumkin. Bu esa terrorizm xavfini kuchaytirib, global xavfsizlikka tahdidlar yanada ko‘payishiga turtki bo‘ladi.
To‘rtinchidan, islomofobiya turli xil iqtisodiy va siyosiy muammolarni keltirib chiqaradi. Xususan, islomofobiya sababli shaxslarni ishga qabul qilmaslik, ta’lim muassasalaridagi ba’zi noxolisliklar, musulmon tadbirkorlarning kamsitilishi va huquqlarining cheklanishi davlatning iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunga javob sifatida esa, musulmon davlatlar bilan munosabatlarning yomonlashuvi, musulmonlarning chet el davlat mahsulotlarini sotishni yoki sotib olishni boykot qilishi kabi harakatlari iqtisodiyotga katta zarar keltiradi.
Misol uchun, 2020-yilda Fransiyaning “Charlie Hebdo” jurnali Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ni karikatura qilgani ortidan yuzaga kelgan tanglik holatida butun Yaqin Sharq va arab davlatlarida fransuz tovarlarini sotish va sotib olishni boykot qilish kampaniyasi boshlab yuborilgan edi. Oqibatda Fransiya iqtisodiyotiga milliardlab dollar zarar yetgan. Shuningdek, Fransiyaning Turkiya va ko‘plab arab davlatlari bilan munosabatlari yomonlashgandi.
Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda dunyo miqyosida islomofobiyaga qarshi kurashish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Islomofobiyaning jamiyat va davlat rivojlanishiga salbiy ta’sirini bartaraf etish hamda unga qarshi kurashish uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim. Jumladan:
1. Ta’lim va ma’rifat. Islom dini va musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlardan xalos bo‘lish uchun ta’lim tizimini rivojlantirish kerak. Maktab va universitetlarda islom madaniyati va sivilizatsiyasi, islom dinining haqiqiy mohiyati haqida xolis ma’lumot berishni yo‘lga qo‘yish zarur. Zero, Prezident Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Islom dini – avvalo, tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma’rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim”.
2. Qonunchilik va huquqiy choralar. Musulmonlarga qarshi nafrat va zo‘ravonlikni qonun darajasida taqiqlash, shu bilan birga bunday harakatlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish lozim.
3. OAV va ijtimoiy tarmoqlar rolini oshirish. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda islom dini noto‘g‘ri talqin etilgani sababli, ko‘pchilikda islom dini va musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlar paydo bo‘ladi. Shu sababli OAV va ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlarga nisbatan xolis yondashuvni ta’minlash va islom dinini buzib talqin etuvchi materiallarni cheklash choralari ko‘rilgani ma’qul.
4. Diniy bag‘rikenglik va muloqotni kuchaytirish. Turli din va madaniyat vakillari o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro muloqotni rivojlantirish darkor. Bunda G‘arb davlatlari va musulmon mamlakatlari o‘rtasida madaniy muloqotni kuchaytirish, jamiyatda turli din va fikrlarga hurmat bilan yondashish ruhini singdirish, dindor odamlarni radikallar bilan adashtirmaslikni targ‘ib qilish muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, 2024-yil 15-mart kuni BMT Bosh assambleyasining islomofobiyaga qarshi kurashish choralarni o‘z ichiga olgan rezolyutsiyasi qabul qilingani ushbu yo‘nalishda katta qadam bo‘ldi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan bir qator islohotlar hamda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Mazkur Qonun bilan diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi soddalashtirildi, dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish va boshqalar belgilandi.
Ushbu sohadagi islohotlarning davomi sifatida 2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini keltirish mumkin. Konsepsiyaning 8-bandida: O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratishdan, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashishdan, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashdan, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat ekanligi belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, islomofobiya jahondagi shusiz ham murakkab vaziyatning yanada keskinlashuviga, musulmonlarga nisbatan nafrat va zo‘ravonlik kuchayishiga olib keladi. U xalqaro tinchlik, xavfsizlik va inson huquqlariga tahdid soladi, xalqlar o‘rtasidagi tinch munosabatlarga jiddiy xavf tug‘diradi.
Shu sababli har bir jamiyat va davlat o‘z hududida diniy bag‘rikenglikni ta’minlash va musulmonlarga nisbatan adolatli munosabatni shakllantirish yo‘lida harakat qilishi lozim. Binobarin, islomofobiyaga qarshi samarali kurash orqali dunyoda tinchlik, totuvlik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish mumkin.
Rustam Atovulloyev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh yuriskonsulti
- Qo'shildi: 14.03.2025
- Ko'rishlar: 291
- Chop etish