14-mart kuni Inson huquqlari uyida inson huquqlari sohasida ta’lim olishga yo‘naltirilgan elektron platformadan (http://ecourse.nhrc.uz:8084/) foydalanish hamda ushbu platformadagi o‘quv kurslari yo‘nalishlari yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi amaliyotchilari va tayanch doktorantlari uchun tashkil etildi. Ishtirokchilarga elektron platformaning imkoniyatlari, inson huquqlari sohasida bilim va ko‘nikmalarni oshirishdagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur platforma foydalanuvchilarga zamonaviy ta’lim olish uchun qulay imkoniyatlar tug‘diradi. U quyidagi 5 ta yo‘nalishga doir o‘quv kurslarini o‘z ichiga oladi:
-
Inson huquqlari bo‘yicha asosiy kurs;
-
Inson huquqlari – eng oliy qadriyat;
-
Qiynoqqa solishga qarshi kurashish;
-
O‘zbekistonda gender tenglik;
-
Inson huquqlariga kirish.
Bu kurslar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarga asoslangan video-ma’ruzalar, bilimni aniq baholashga yo‘naltirilgan test sinovlari hamda nazariyani amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan interaktiv topshiriqlar orqali ta’lim olish jarayoni yanada samarali va qiziqarli bo‘lishi ta’minlanadi.
Bunday ko‘p qirrali yondashuvda har bir ishtirokchining individual o‘zlashtirish sur’ati hisobga olinadi. Qolaversa, ayni yondashuv mavzuni chuqur idrok etishga va olgan bilimlarni amaliy ko‘nikmalar darajasiga ko‘tarishga imkon beradi.
Taqdimot davomida, shuningdek, elektron platformadan foydalanish tartibi tushuntirildi. O‘quv kurslarida qatnashish shartlari va ularni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikat berilishi atroflicha tushuntirildi.
Ushbu jarayonning shaffofligi va baholash mezonlariga asoslanganligi qayd etildi. Inson huquqlari sohasida ta’lim olishga yo‘naltirilgan elektron platforma inson huquqlari sohasidagi bilimlarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
Kelgusida ushbu platformani yanada rivojlantirish va inson huquqlari sohasida sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Shu nuqtayi nazardan, ishtirokchilar platformaning funksionalligi, qo‘shimcha imkoniyatlari va uni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirganlari muhim ahamiyatga ega.
Tadbir yakunida inson huquqlari bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazildi. So‘ng ishtirokchilar platformada ro‘yxatdan o‘tib, o‘quv kurslari ishtirokchilariga aylandilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.03.2025
- Ko'rishlar: 309
- Chop etish