Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar va insonparvarlik tamoyili

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar va insonparvarlik tamoyili

Ichki ishlar organlari sudlarga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritishi bo‘yicha qulaylik yaratildi. Bu o‘rinda 2022 yil 16 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risida ish yuritish” deb nomlangan yangi bob bilan to‘ldirilgani haqida so‘z bormoqda.

Oliy sud axborot xizmati ma’lum qilishicha, mazkur qonun qabul qilingunga qadar ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalari tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan. Tumanlararo ma’muriy sudlar esa faqat viloyat markazlarida joylashgan. Bu amaliyotni fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan edi.  

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqishga doir normalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, tegishli ishlarni ko‘rib chiqish esa ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga o‘tkazildi. 

Yangi me’yorga ko‘ra, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsning reabilitatsiya markaziga joylashtirilishini talab qiluvchi asoslar aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organi bunday shaxs ichki ishlar organiga keltirilgan paytdan e’tiboran 48 soat ichida uni reabilitatsiya markaziga o‘ttiz sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtirish to‘g‘risida sudga iltimosnoma yuborish uchun materiallarni tayyorlashi shart. 

Iltimosnoma va uni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligini tasdiqlovchi materiallar muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs aniqlangan yerdagi yoki reabilitatsiya markazi joylashgan yerdagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan taqdim etiladi.

Bunday iltimosnoma taqdim etilgan paytdan e’tiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda ko‘rib chiqiladi. O‘ziga nisbatan reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma ko‘rib chiqilayotgan shaxs va ichki ishlar organining vakili sud majlisida ishtirok etishi shart. Sud majlisida advokat ham ishtirok etishi mumkin.

Sudda iltimosnomani ko‘rib chiqish ichki ishlar organi vakilining ma’ruzasi bilan boshlanadi. So‘ngra o‘ziga nisbatan iltimosnoma ko‘rib chiqilayotgan shaxs – agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo‘lsa – advokat, sudga kelgan boshqa shaxslarning fikri eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi.

Qaror sudya tomonidan alohida xonada chiqariladi. U o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim.

Qaror ichki ishlar organi vakili, advokat va o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga topshiriladi. Qaror ustidan uch kun ichida o‘sha shaxs, uning qonuniy vakili va advokat apellyatsiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa, apellyatsiya protesti keltirishi mumkin.

Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi qaror ustidan berilgan shikoyat yo protestni u kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida yakka tartibda ko‘rib chiqadi.

O‘zA xabarida qayd etilganidek, qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar amaliyotda qulaylik yaratib, insonparvarlikning amaldagi yorqin namunasi hisoblanadi.  

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech