«Inson huquqlari sohasida taʼlim» mavzusidagi Samarqand Global forumi yakunlari Latviya OAV diqqat markazida

«Inson huquqlari sohasida taʼlim» mavzusidagi Samarqand Global forumi yakunlari Latviya OAV diqqat markazida

RIGA, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Latviyaning “LETA”  axborot agentligi portalida Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari sohasida taʼlim» mavzusidagi Global forumga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda BMT shafeligidagi global forum o‘tgan yili dekabr oyida Samarqandda gibrid formatda uyushtirilgani va bu butun dunyodan ushbu soha mutaxassislariga virtual tarzda muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini bergani maʼlum qilingan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidovning muhim xalqaro tadbirning maqsad va vazifalari hamda yakunlari haqidagi fikr-mulohazalari taqdim qilingan.

«Samarqand Global forumining asosiy maqsadi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim va kadrlar tayyorlash to‘g‘risidagi deklaratsiyasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim bo‘yicha Butunjahon dasturi ijrosining oraliq natijalarini sarhisob qilish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim dasturi taqdimotini tashkil etish, bu boradagi ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlar, xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi», deyiladi maqolada.

Materialda, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, jumladan, bu yo‘nalishda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgani qalamga olingan.

«Inson huquqlari sohasidagi taʼlim O‘zbekistonda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga doir davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Ular asosida BMT Bosh Assambleyasining beshta rezolyutsiyasi qabul qilingan», deb qayd etiladi maqolada.

Bundan tashqari, nashrda O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim bo‘yicha Butunjahon dasturi kampaniyasida, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim va kadrlar tayyorlash to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirishda faol ishtirok etayotgani maʼlum qilingan.

Taʼkidlanganidek, xalqaro hamkorlar bilan inson huquqlariga oid 120 dan ortiq asosiy xalqaro huquqiy hujjatlar davlat tiliga tarjima qilinib, yirik nashrlarda chop etildi.

Ishtirokchilarning takliflari asosida inson huquqlari bo‘yicha taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Samarqand Harakat dasturi qabul qilindi, deb yozadi “LETA”.

Powered by GSpeech