Mehnat muhofazasi: xalqaro standartlar milliy qonunchiligimizga joriy etiladi

Mehnat muhofazasi: xalqaro standartlar milliy qonunchiligimizga joriy etiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Mazkur qonun loyihasi quyi palataning joriy yil 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilingan edi, — dedi deputat Nodir Tilavoldiyev. — Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan kelib tushgan qator takliflar asosida hujjat matniga tahririy o‘zgartishlar kiritildi.  

Xususan, qonun nomidagi “ishchilar” jumlasi mamlakatimizning bandlik sohasidagi qonunchiligidan kelib chiqib, “xodimlar” so‘ziga o‘zgartirildi. Shundan kelib chiqib, Xalqaro mehnat tashkilotining 148-sonli Konvensiyasining o‘zbek tilidagi matni ham O‘zbekiston Respublikasining mehnat sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiqlashtirildi.  

Mazkur Konvensiyaga qo‘shilish Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari hamkorligida mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimizga joriy etish bo‘yicha izchil choralarni ko‘rishga xizmat qiladi. Shuningdek, kelgusida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish uchun xizmat qiladi.  

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi.  

 

M.Komilova,  

O‘zA

Powered by GSpeech