Norov AQSHda Nuland bilan uchrashdi

Norov AQSHda Nuland bilan uchrashdi

BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda birgalikdagi sa’y-harakat samarasi o‘laroq, O‘zbekiston - Amerika strategik sherikligi ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining barcha jabhalarida sezilarli darajada jadallashdi. O‘zaro ishonch va hurmat tamoyiliga asoslangan faol siyosiy muloqot izchillik kasb etgan.

V.Nuland Amerika tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Rasmiy Vashington mavjud o‘zaro aloqani ikki tomonlama darajada va «S5+1»formatida mustahkamlashga tayyorligi ma’lum qilindi.

AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish, mintaqalararo munosabatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan tashabbuskorligini, dadil amaliy qadamlarini olqishladi. Mamlakatimizning Afg‘onistonda barqaror tinchlik va barqarorlikka erishish, infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish, qo‘shni davlatga keng ko‘lamli gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatiga yuksak baho berildi.

Uchrashuv davomida turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvali, shuningdek, savdo-investitsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ham fikr almashildi.

O‘zA

Powered by GSpeech