Olmaotadan muxsus reportaj
28-29 oktyabr kunlari Olmaota shahrida Markaziy Osiyoda zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmning oldini olish strategiyalariga bag‘ishlangan “Markaziy Osiyoda yoshlar barqaror kelajak uchun” forumi o‘tkazildi.
BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) mintaqaviy tashabbusi va Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan tadbirda mintaqaning besh davlatidan ishtirokchilar, jumladan, davlat idoralari vakillari, diniy yetakchilar, ijodkorlar va yoshlar qatnashdi.
Anjuman maqsadi Markaziy Osiyoda zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmga qarshi kurashning samarali usuli sifatida barqaror jamoalarni shakllantirishga ko‘maklashishdir.
BMTning Olmaotadagi vakolatxonasida Saltanat Beymisheva jamoasining “Tinchlikni mustahkamlashda yoshlarning roli” mavzusidagi ijodiy chiqishi bilan boshlangan forum ochilishida BMTTDning Qozog‘istondagi doimiy vakili Katarjina Vaverniya, Maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi – Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Olmaota shahridagi vakolatxonasi rahbari Janibek Abdrashov, diplomatik missiya rahbari o‘rinbosari, Yaponiyaning Qozog‘istondagi elchixonasi maslahatchisi Kanata Tomohiro yoshlarga tabrik yo‘lladi.
— 2022 yil BMTTD zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmga qarshi mintaqaviy sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida Markaziy Osiyoda barqaror jamoalarni rivojlantirish va ekstremizmning oldini olishga yo‘naltirilgan mintaqaviy tashabbusning ikkinchi bosqichini ishga tushirdi, — dedi BMTTDning Qozog‘istondagi doimiy vakili Katarjina Vaverniya. — Ekstremizmning asosiy sabablarini bartaraf etish va xavf ostidagi yosh avlodga alohida e’tibor qaratish orqali tashabbus har bir yosh inson o‘zini qadrlangan his qiladigan va o‘z jamiyatining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishga imkoniyati bo‘lgan inklyuziv jamiyatni qurishga yo‘naltirilgan.
Darvoqe, zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmning o‘sishi Markaziy Osiyo uchun jiddiy xavf tug‘dirishda davom etmoqda va uzoq yillar davomida erishilgan rivojlanishga tahdid solmoqda. Xususan, kambag‘allik, tengsizlik, davlat xizmatlariga kirish imkoniyati cheklanganligi va shaxsiy rivojlanish uchun imkoniyatlar kamligi yoshlarni radikallashuvga moyil qiluvchi omillar sifatida ta’kidlandi.
— Yaponiya hukumati Markaziy Osiyoda zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmning oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarni "Markaziy Osiyo va Yaponiya" muloqoti doirasidagi muhim hamkorlik shakli deb biladi, — dedi Yaponiya elchixonasining Qozog‘istondagi missiya rahbari o‘rinbosari va maslahatchisi Kanata Tomohiro. — Biz uchun 2018 yilda qo‘llab-quvvatlagan “Markaziy Osiyoda ekstremizmning oldini olish uchun barqaror jamiyat va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” loyihasi o‘z natijalariga erishgani katta sharafdir. Mazkur loyihaning ikkinchi bosqichi ham muvaffaqiyatli davom etayotganidan xursandman va ushbu loyiha mintaqadagi tegishli tashkilotlarning faol hamkorligi bilan maksimal natijalarga erishishiga umid qilaman.
Dasturga ko‘ra, forumning birinchi kunida “Zo‘ravon ekstremizmning oldini olishning samarali usuli sifatida yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajriba va dolzarb tashabbuslar almashinuvi” va “Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yoshlar rolini kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashish”, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda diniy jamoalarning o‘rni” hamda “Markaziy Osiyo NNT va xususiy sektorning yoshlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha tajribasi” kabi to‘rt muhim mavzuda sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Muhokama jarayonida mazkur tadbir yoshlar imkoniyatini kengaytirish orqali muammolarni hal etish platformasiga aylangani qayd etildi. Mintaqadagi sharoitlar xilma-xil bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik va radikal g‘oyalar tarqalishi kabi umumiy to‘siqlarga duch kelmoqda.
Forumning asosiy sessiyasi Markaziy Osiyoning turli davlat idoralari vakillarini birlashtirgan va yoshlar bandligini zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmning oldini olish uchun muhim strategiya sifatida ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, tadbir zali fayesida tashkil etilgan o‘yin ko‘rgazmasi, yoshlar tomonidan qo‘lda tayyorlangan madaniy ashyolar namoyishida har bir davlat vakillari o‘z tarixi, an’anasini aks ettirgan jihatlari bilan ajralib turdi. Jumladan, O‘zbekiston kreativ iqtisodiyot yo‘nalishida startap-loyihalarni, raqamli platformalar yaratishga qaratilgan ko‘rgazma paviloni bilan ishtirokchilarni hayratga soldi.
Tadbirning ikkinchi kuni ham yoshlarning ochiq muloqoti, netvorking sessiyalar va madaniy ob’ektlarga sayohat bilan qizg‘in davom etdi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA
- Qo'shildi: 31.10.2024
- Ko'rishlar: 148
- Chop etish