Saida Mirziyoyeva: “Qonunchiligimiz bolalardan ko‘ra ko‘proq jinoyatchilar haqida qayg‘uradi”

Saida Mirziyoyeva Toshkentda 14 yashar qizni jinsiy aloqa qilishga ko‘ndirgan uch erkak jazoning uchdan birini ham o‘tamay turib, shartli ravishda ozodlikka chiqarilganiga munosabat bildirdi va voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga chaqirdi. “Keling, zo‘ravonlarga emas, bolalarga g‘amxo‘rlik qilaylik”, dedi u.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Toshkentda 14 yoshar qizni jinsiy aloqa qilishga ko‘ndirgan uch erkakka nisbatan jazoning yengillashtirilganini qoraladi.

Avvalroq xabar berilganidek, Toshkent viloyatidagi uchta sudning deyarli bir vaqtda qabul qilgan qarorlari asosida, jinoyatchilardan biri 4 yillik qamoq jazosining bor-yo‘g‘i 1 yilini, qolgan ikki nafari esa 2 yillik qamoq jazosining atigi 6 oyini o‘tadi va shartli ravishda ozodlikka chiqarildi.

 

Saida Mirziyoyeva bundan xabar topgach qattiq tushkunlik va og‘riqni his qilganini aytdi. “Bu odamlar normal hayotga qaytishdi, yana bolalar bilan ishlashda davom etishmoqda”, – deya yozdi u Telegram-kanalida.

 
 

“Bizning voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunchiligimiz bolalardan ko‘ra ko‘proq jinoyatchilar haqida qayg‘uradi va mening fikrimcha, bu adolatsizlikni zudlik bilan tuzatish zarur”, – dedi Mirziyoyeva.

U Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) va 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bolalar va o‘smirlarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga javob bermasligini aytdi.

“Bunday jinoyatlar uchun, istisno tariqasida, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlari tarzida jazo qo‘llanilmasligi kerak. Ushbu moddalarni kuchaytirish kerak, ularga barvaqt ozod bo‘lish imkoniyatisiz jiddiy muddatlar qo‘llanilishi lozim.

 

Hozir esa haddan tashqari yengil jazolar potensial jinoyatchilarni qo‘rqitmaydi va turli “samosud”larga turtki bermoqda”, – dedi Mass-media fondi raisi o‘rinbosari.

Mirziyoyeva voyaga yetmaganlarga nisbatan har qanday jinsiy jinoyatlarda ayb butkul kattalarda bo‘lishini ta’kidladi.

“Shuni yodda tutish kerakki, bolalar va o‘smirlarni manipulyatsiya qilish, ularni qo‘rqitish oson, ular o‘zlarining xatti-harakatlari uchun ongli ravishda javobgar bo‘lolmaydilar. Har qanday holatda ayb butunlay kattalarga yuklanadi.

Keling, zo‘ravonlarga emas, bolalarga g‘amxo‘rlik qilaylik. Bu sohaga doir qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zarur. Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi”, – deya yozdi Gender komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi jinoyatni maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan erkak tashkillashtirgan. U o‘z o‘quvchisini avvaldan ijaraga olingan kvartiraga olib borib, u yerga ikki tanishini ham chaqirgan.

Jinoyatchilar koloniyadan chiqarilib, maoshining 15-20 foiz qismini davlatga to‘lab borish sharti bilan axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan. Ulardan biri ayni paytda tibbiyot markazida registrator bo‘lib ishlayotgani, faoliyatida bolalarga ham xizmat ko‘rsatayotgani aytilmoqda.

Kun.uz

Powered by GSpeech