Senat: davlat bolalar bog‘chalaridagi ovqatlanish ahvoli bo‘yicha nazorat o‘rnatiladi

Senat: davlat bolalar bog‘chalaridagi ovqatlanish ahvoli bo‘yicha nazorat o‘rnatiladi

Bolalarning salomatligi ularning sog‘lom ovqatlanishiga bevosita bog‘liq. Biroq, bolalarni bog‘chada talab darajasida ovqatlantirmaslik, eng yomoni, ularning zaharlanish holatlari uchrayotganini kechirib bo‘lmaydi. Bu keng jamoatchilikning e’tirozi va muhokamalariga ham sabab bo‘lmoqda.

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida shu masalaga e’tibor qaratildi. Senatorlar, tegishli vazirlik va idora rahbarlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlanishni tashkil etish tizimidagi muammolarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqildi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgani qayd etildi.

O‘sha yili respublika bo‘yicha jami 5 ming 211 maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 28 mingdan oshdi. Mazkur muassasalarda bolalar qamrovi 708 ming nafardan qariyb 2 million nafarga yetdi.

2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra mamlakatimizda 6,3 ming davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatib, ularda 1 million 276 ming bola qamrab olindi. 1 ming 185 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ovqatlanish autsorsing usulida tashkil etilgan bo‘lsa, 5 ming 145 tasi o‘z oshxonasiga ega.

Senat raisi T.Norboyeva tizimdagi yutuqlar bilan birga qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini sanab o‘tdi. Xususan, bolalarni autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etishda jiddiy xatoliklar mavjud. Masalan, ularni nazorat qilish mexanizmlari to‘liq ishlab chiqilmagan. Shuningdek, ovqatlantirish tizimida inson omilining yuqoriligi korrupsiyaning rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

«Hokimliklar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari pasaytirib qayd etilmoqda. Bu yetkazib beriladigan mahsulot sifatining pasayishiga yoki hajmining kamayishiga olib kelmoqda. Tuman MTB mutaxassislari, davlat MTT direktorlari va boshqa xodimlar ovqatlantirish bilan bog‘liq lavozim majburiyatlarini hamda huquqlarini bilmaydi», dedi Tanzila Norboyeva.

Yig‘ilishda mazkur masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari ham eshitildi.

Qayd etilgan muammolardan kelib chiqib tahliliy material tayyorlash zarur ekanligi ta’kidlandi va unda o‘z aksini topishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.

Jumladan, Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirligiga bolalarni mavsumga mos ravishda ovqatlantirish, ularning sog‘lom va barkamol o‘sishini ta’minlash maqsadida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun yagona mavsumiy taomnomalar ishlab chiqish va mazkur taomnoma bo‘yicha bir bola uchun sarflanadigan bir yillik mablag‘ miqdorini hisoblash topshirig‘i berildi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasiga ishchi guruh yig‘ilishini tashkil etish va uni o‘tkazish yuklatildi. Mazkur ishchi guruh Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda 10 kun muddatda umumlashtirilgan tahliliy ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Senatga kiritish zarurligi belgilandi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech