Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama jarayonida

Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama jarayonida

Joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihacining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Ishchi guruhning bugungi yig‘ilishida senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) mas’ul xodimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, “YuNISEF” xalqaro tashkiloti, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, huquqshunos olimlar, jamoatchilik faollari va OAV vakillari faol ishtirok etdi.

Muhokama avvalida ishchi guruh tomonidan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Jumladan, xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid xorijiy tajribaning o‘rganilgani, milliy qonunchilik hujjatlarining tahlil qilingani, soha mutaxassislari hamda huquqshunos olimlarning fikrlari olinib, o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishlarida keng muhokama qilingani hamda natijada qonun loyihasi tayyorlangani qayd etildi.

Eng muhimi, ishchi guruhning muhokama markazida jamiyatimizdagi eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lgan oilaviy zo‘ravonlikka keskin qonuniy javob berish masalasi bo‘ldi.  Xususan, muhokama etilgan qonun loyihasida nafaqat oilaviy zo‘ravonlik tushunchasinining o‘zini, balki uni alohida jinoyat sifatida e’tirof etish va jinoiy javobgarlikni belgilash pozitsiyasi yakdillik bilan barcha guruh a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, qonun loyihasida amaldagi qonunchilikka xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritish bilan bir qatorda, ularga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik hamda uyatsiz-buzuq harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy jazo choralarini kuchaytirish, jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

E’tiborli jihati, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan jinoyat sodir etgan mahkumlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi ko‘rsatilib, mazkur choralar shunday toifadagi jinoyatlarga nisbatan davlatning qat’iy murosasiz pozitsiyasini bildiradi.

Ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash, nomusga tegish yoki voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilish kabi jinoyatlarni sodir qilganlik uchun amaldagi javobgarlik choralari yanada kuchaytirilmoqda.

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida himoya orderi muddatini sud tomonidan bir yilgacha muddatga uzaytirish taklif etilmoqda.

Ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda yoxud o‘zlarining ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaydigan davr uchun voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatini bajarmaganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Yig‘ilish yakunida ishchi guruh a’zolarining faoliyati davom etishi va ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar qonun loyihasini yanada takomillashtirishda inobatga olinishi borasida kelishib olindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Powered by GSpeech