Zimbabveda vabo

Zimbabveda vabo

Zimbabveda epidemiya tarqalib, odamlar vabodan vafot etayotgani sababli Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari jiddiy xavotir bildirmoqda, deb yozdi “Euro news”.

Shu munosabat bilan poytaxt Xarareda favqulodda holat e’lon qilindi. 150 dan ziyod inson kasallikdan vafot etgan va 50 holatda o‘lim sababi laboratoriya tomonidan tasdiqlangan. Hozircha jami 7000 dan ko‘proq kishida kasallik alomati mavjud.

– Odamlar chiqindixonalar yonida quduq qazimoqda, ayniqsa suv yo‘q shaharlar atrofida, – dedi Xarare meri Yan Makone. – Bu ichimlik suvi ifloslanganini anglatadi.

Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyati vabo qo‘shni davlatlarga ham tarqalishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Mamlakatda tajribali mutaxassis, dori-darmon va asbob-uskuna, shuningdek toza suv yetishmasligi sababli Zimbabve hukumati xalqaro hamjamiyatga yordam so‘rab murojaat qilgan.

O‘zA

Powered by GSpeech