Zulayho Mahkamova: Zo‘ravonlik birdan oshkor bo‘ladi, tazyiq esa yillar davomida ayolni qiynab keladi

Zulayho Mahkamova: Zo‘ravonlik birdan oshkor bo‘ladi, tazyiq esa yillar davomida ayolni qiynab keladi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Samarqand viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasining joriy yil o‘n oyidagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda yaqinda viloyatning Urgut va Samarqand tumanlarida ayollar ishtirokida sodir bo‘lgan noxush holatlarga e’tibor qaratdi.

– Urgut tumanida kelinning qaynonasini g‘isht bilan urib, uning o‘limiga sababchi bo‘lishi, Samarqand tumanida esa ayolning qaynonasi bilan kelishmovchilik ortidan o‘zi va farzandlari joniga suiqasd qilishi – bu juda ayanchli holat. To‘g‘ri, bu ayollarga qonuniy chora ko‘riladi, ular qilmishiga yarasha jazo oladi. Lekin ular nega bunday holatga tushdi, bu dabdurustdan sodir bo‘lmaydi-ku? Mahallalar faollari ikki oila ham tinch edi, janjal, kelishmovchilik haqida eshitmagan edik, deyishyapti. Nazarimda, unday emas, bu oilalardagi kelishmovchiliklar uzoq yillar davom etib kelgan, ammo atrofdagilar, mahalla bee’tibor bo‘lgan. 

Bu e’tiborsizlik esa mana shunday og‘ir asorat qoldirdi. Shuning uchun bugun qo‘mitaning barcha quyi tizimlari vakillaridan, xotin-qizlar faollari va mahalladan ham talab qiladiganimiz bitta – har bir xonadondagi vaziyatdan boxabarlik. Shuni unutmaylik, zo‘ravonlik birdan oshkor bo‘ladi, tazyiq esa yillar davomida oila a’zolari, xususan, kelinni qiynab keladi. Va kutilmaganda noxush holatlarning sodir bo‘lishiga olib keladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Urgut va Samarqand tumanlari mas’ullari, mahallalar faollari, shuningdek, noxush holatlar kelib chiqqan oilalar vakillari bilan ham uchrashdi. Aholi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

G‘.HASANOV, O‘zA

Powered by GSpeech