Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala va jazo turlarini qo‘llash bir qator xalqaro hujjatlar bilan taqiqlangan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktning 7-moddasi, Qiynoqqa qarshi konvensiya, Bola huquqlari bo‘yicha konvensiyaning 37-moddasi a) bandi, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 15-moddasi shular jumlasidandir.
Ta’kidlash joizki, yuqoridagi xalqaro hujjatlarning ishtirokchisi sifatida qiynoqlar O‘zbekistonda ham taqiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida: hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi belgilangan. Shu bilan birga, hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
Qiynoqlardan ozod bo‘lish har qanday sharoitda himoya qilinishi kerak bo‘lgan asosiy inson huquqlaridan biridir. Shuningdek, ba’zi inson huquqlarida bo‘lganidek ushbu huquqni xalqaro va milliy darajada cheklash mumkin emas. Qiynoqlardan ozod bo‘lish huquqi shaxsning davlat va jamiyat hayotida qo‘rqmasdan o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishga, unga qarshi qilinishi mumkin bo‘lgan tajovuzlardan o‘zini himoyalangan his qilishida katta ahamiyatga ega. Ushbu huquqning ta’minlanishi boshqa ko‘plab inson huquqlarini amalda ro‘yobga chiqishiga yordam beradi.
Qiynoqqa qarshi konvensiyaning 1-moddasida qiynoq tushunchasining ta’rifi keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra: Qiynoq – biror bir shaxsni u yoki uchinchi shaxs tomonidan sodir etilgan yoki sodir etganlikda gumon qilingan xatti-harakati uchun jazolash, undan yoki uchinchi shaxsdan ma’lumot yoki iqrorligik olish maqsadida qasddan jismoniy yoki axloqiy jihatdan qattiq og‘riq yoki azob-uqubat yetkazish, shuningdek, uni yoki uchinchi shaxsni biror bir xarakterdagi kamsitishlarga asoslangan har qanday sababga ko‘ra qo‘rqitish yoki muayyan harakatlarni sodir etishga majburlash, bunday og‘riq va azob-uqubatlar davlatning mansabdor shaxsi yoki rasmiy lavozimda ishlaydigan boshqa shaxs tomonidan yoxud uning g‘ijg‘ijlashi, yoki uning xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan amalga oshiriladi.
Ushbu ta’rifdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasida Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyati kiritilgan va bu uchun jazo belgilangan.
O‘zbekiston 1984 yil 10 dekabrdagi «Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyani 1995 yil 31 avgustda ratifikatsiya qilgan.
Mamlakatimizda qiynoqqa solish holatlariga barham berish bo‘yicha muntazam ravishda choralar ko‘rib kelinmoqda. Jumladan so‘nggi yillarda, Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshiruvchi jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibi ishlab chiqildi. Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etild.
Bugungi kunda mamlakatimizda Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyaga doir Fakultativ protokolga qo‘shilish va Milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.