Fuqarolik va siyosiy huquqlar – bu shaxsning huquq va erkinliklarini hukumatlar, ijtimoiy tashkilotlar va xususiy shaxslar tomonidan buzilishidan himoya qilaligan, jamiyat va davlatning fuqarolik va siyosiy hayotida kamsitish va repressiyalarsiz ishtirok etish imkoniyatini ta’minlaydigan huquqlar sinfidir.
Fuqarolik huquqlari shaxslarning jismoniy va aqliy yaxlitligini, hayoti va xavfsizligini ta’minlashni o‘z ichiga oladi hamda ularga irqi, dini, millati va boshqa shaxsiy xususiyatlaridan qat’i nazar, teng ijtimoiy imkoniyatlarni va qonun tomonidan baravar himoya qilishni ta’minlaydi. Ba’zi fuqarolik huquqlariga yashash, shaxsiy daxlsizlik huquqlari, so‘z, harakatlanish, vijdon, shaxsiy hayot erkinligi va boshqalar kiradi.
Siyosiy huquqlar shaxslarning davlat va jamiyat hayotida erkin ishtirok etishiga imkon beradi. Bunga ovoz berish va davlat lavozimlarini egallash kiradi. Siyosiy huquqlarga ovoz berish huquqi, davlat lavozimlariga nomzod bo‘lish huquqi, yig‘ilishlar, namoyishlar o‘tkazish huquqi, uyushmalar tuzish huquqi va boshqalar kiradi.
Fuqarolik huquqlari inson huquqlari sifatida universal bo‘lsa-da, siyosiy huquqlar ko‘pincha fuqarolar (faqatgina ma’lum bir davlat fuqarolari uchungina) bilan cheklanadi. Fuqarolik va siyosiy huquqlar turli xalqaro va mintaqaviy shartnomalar, davlatlarning milliy konstitutsiyalari bilan himoya qilinadi. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt ushbu huquqlarni xalqaro darajada himoya qilishni ta’minlaydigan eng keng qamrovli shartnoma hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi mazkur Xalqaro paktga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 31 avgustdagi 127-I-sonli «1966 yil 16 dekabrdagi fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga qo‘shilish haqida»gi qaroriga asosan qo‘shilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VI – VIII boblari bilan ushbu huquqlar milliy darajada muhofaza qilingan.