12 iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni

Har yili 12 iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kunni belgilash g'oyasi 1997 yil Amsterdam va Osloda bo'lib o'tgan konferentsiyalarda yuzaga kelgan. 2002 yil Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan 12 iyun rasman bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deb e'lon qilingan.

Bolalar mehnatining eng yomon shakllari xalqaro miqyosda qullik, bolalar savdosi, qullik mehnati va majburiy mehnatning boshqa shakllari, bolalarni qurolli to'qnashuvlarda, fohishabozlik va pornografiya maqsadlarida, shuningdek, boshqa noqonuniy faoliyatda ishlatish uchun majburlanishidir.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, dunyodagi ishlaydigan bolalar soni 215 milllion, ulardan 115 milllion nafari xavfli sharoitlarda ishlaydi. Ularning ko'pchiligi maktabga borish uchun deyarli vaqt yo'q, va hatto undan ham ko'proq - o'ynash, ko'pincha to'g'ri ovqatlanish va parvarishida ham ahamiyat berilmaydi.

Bolalar ijtimoiy himoyasining eng asosiy jihatlaridan biri xam aynan salomatlik bilan bog'liq masalalardan biridir. Bu sohadagi ishlar, ayniqsa, dunyoda keng tarqalayotgan koronavirus pandemiyasi davrida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma'noda, Yunisefning bolalar salomatligini himoya qilish borasida O'zbekiston hukumati bilan hamkorlikda ish olib borayotganini alohida ta'kidlab o'tish joiz.

 Ushbu  hamkorlik doirasida vaktsinalar ishlab chiqaruvchidan har bir bolaga yetib borguniga qadar uning sifati va xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan yangi  zanjir — infratuzilma tarmog'i yaratildi. Vaktsinalar va immunizatsiya bo'yicha global al'yans (GAVI) ko'magi bilan O'zbekistonning barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasida vaktsinalarni saqlash uchun yangi sovitkichli omborxonalar qurilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, karantin sharoitida maktablarning yopilishi 8 milliondan ortiq bolaning ta'lim jarayoniga ta'sir qildi. Bunga javoban hukumatimiz tomonidan juda qisqa vaqt ichida televizion darslarni o'quv dasturiga muvofiq tarzda tashkil etilganini bugun dunyoning e'tirof va e'tiborida ekanligi hech birimizga sir emas.

Mazkur jarayonlarda YUNISEF ham Xalq ta'limi va Maktabgacha ta'lim vazirliklariga bolalarning ta'lim olishini ta'minlash uchun masofaviy o'qitish dasturlarini ishlab chiqishda ko'mak berdi. Bunga qo'shimcha ravishda ota-onalar uchun masofaviy o'qishda bolalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha maslahatlarni o'z ichiga olgan videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etilmoqda.

 O'zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning amaliy natijalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otmoqda. Mamlakatimiz tomonidan bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar, jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga murojaati va uni amalga oshirish bo'yicha Harakatlar dasturini qabul qilish va amalga oshirish borasidagi takliflarimiz xalqaro miqyosda qo'llab-quvvatlanmoqda.

Ayni kunlarda YUNISEF hukumatimiz tomonidan masofaviy o'qitish dasturining qamrovi va samaradorligini tezkor baholashni amalga oshirib, mamlakatimizning bu boradagi yutuqlarini dunyoga namoyish etishni va ushbu tajribadan saboq olishlari uchun uni boshqa davlatlar bilan o'rtoqlashishni rejalashtirmoqda.

Ma'rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, bu dunyo haqiqatan ham kurash maydoniga, sog'lom tan, o'tkir aql va yaxshi axloq esa bu kurashning quroliga aylanib borayotgani bugun bizga sir emas albatta.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish” shiori to'g'risida so'z yuritib, agar odamlar yoshligidan ilm o'rgansa, oq-qorani tanib voyaga yetsa, har bir inson o'zining  fikrida sobit tura oladigan shaxs sifatida shakllansa, bunday jamiyatda nafaqat terrorchilik, balki boshqa muammolar ham o'z-o'zidan barham topib ketishi haqida so'z yuritdilar.

Zotan, jonajon Vatanimiz 2030 yilga qadar bo'lgan davr uchun o'z oldiga ulkan maqsadlar qo'ydi. Ularga erishish yo'lida birgalikda sobitqadam bo'lib harakat qilishimiz kerak ekanligini vijdonan his qila olishdek baxtga  Yaratganing o'zi bizni  musharraf aylasin.

Abzalxo'jaeva Sevaraxon Akmalxo'ja qizi
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi

*foto internetdan olindi

Powered by GSpeech