Xalqaro do’stlik kuni

Jahon miqyosida nishonlanadigan bayramlar juda ham ko’p va ularning alohida mazmun-mohiyati hamda ahamiyati mavjud. Mana shunday eng yosh xalqaro bayramlardan biri – Xalqaro do’slik kuni hisoblanadi.

Bugungi zamonaviy dunyo tinchlik, xavfsizlik, rivojlanish va ijtimoiy hamjihatlikka putur yetkazuvchi ko’plab qiyinchiliklar, inqirozlar va boshqa bo’linish kuchlari – qashshoqlik, zo’ravonlik va inson huquqlari buzilishi kabi ko’plab muammolarga duch kelmoqda.

Mazkur inqiroz va qiyinchiliklarga qarshi turish uchun ularning tub ildizlari insoniy birdamlik ruhini targ’ib qilish va himoya qilish orqali bartaraf etish zaruriyati jahon hamjamiyati oldida turadi. Mana shunday insoniy birdamlik ruhining oddiy va eng samarali shakli – bu do’stlikdir.

Do’stlik orqali – do’stlik rishtalarini mustahkamlash va kuchli ishonch aloqalarini rivojlantirish orqali – biz, butun dunyo hamjamiyati doimiy barqarorlikka erishish uchun juda zarur bo’lgan birlamchi o’zgarishlarga hissa qo’shishimiz mumkin.

Do’stlikni mustahkamlash borasida xalqaro tashkilotlarning samarali sa`y-harakati tahsinga loyiq. Bu borada so’z yuritganda Birlashgan Millatlar Tashkilotini alohida ta`kidlash joiz. Zero, mazkur tashkilot ko’p yillardan buyon davlatlar, millatlar va xalqlar o’rtasidagi hamjihatlikni yanada rivojlantirishda bosh-qosh bo’lib kelmoqda. Xususan, 2011 yilning 27 aprelida BMT Bosh Assambleyasida 30 iyulni Xalqaro do’stlik kuni sifatida nishonlash taklifi ilgari surilib, u bir ovozdan qo’llab-quvvatlangan edi. Mazkur qarorda insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari oʻrtasidagi doʻstlikning, hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etilgan.

“Xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar oʻrtasidagi do’stlik tinchlikni ta’minlash bilan bogʻliq harakatlarga ilhomlantirishi mumkin va madaniy xilma- xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar oʻrtasida koʻpriklar oʻrnatish imkoniyatini taqdim etadi,” – deyiladi mazkur hujjatda.

Ushbu sananing nishonlanishi jahon xalqlari madaniyati va qiziqishlariga nisbatan kuch ishlatmaslikning Xalqaro o’n yilligi (2001-2010) mafkuraviy asos bo’lib xizmat qildi. BMTga a`zo mamlakatlar, shuningdek, xalqaro hamda hududiy tashkilotlarga bu bag’rikenglik bayramini har bir davlat madaniy an`analariga mos holda nishonlashini taklif qildi. Xalqaro do’stlik kunining vazifalaridan biri - faol va tashabbuskor yoshlarni jamoatchilik ishlariga jalb qilish, boshqa xalqlar madaniyatiga nisbatan hurmat bilan qarashga chorlashdan iboratdir.

Turli davrlarning buyuk allomalari do‘stlik haqida dono fikrlarni bildirganlar:
Mark Avreliy: “Qo‘l qo‘lga, oyoq oyoqqa va yuqorigi jag‘ pastki jag‘ga yordam berganidek, insonlar ham bir-biriga yordam berish uchun yaralganlar”.
Volter: “Bu dunyoning barcha izzat-ikromlari bitta yaxshi do‘stga arzimaydi”.
Mark Tven: “Haqiqiy do‘st sen nohaq bo‘lganingda yoningda bo‘ladi. Sen haq bo‘lganingda, sen bilan har kim bo‘lishi mumkin”.

Ko'pchiligimiz uchun do'stlik axloqiy tushunchadir, inson munosabatlari idealidir, bu kamdan-kam uchraydigan hodisa bo'lib, chunki bizning, odatda, haqiqiy do'stlarimiz yo'q. Nemis faylasufi Xegel do'stlik faqat bolalik va o'smirlik davrida mumkin deb hisobladi. Bu davrda insonning jamiyatda bo'lishi juda muhimdir - bu shaxsiy rivojlanishning oraliq bosqichidir. Keksa odamning, odatda, do'stlar uchun vaqti yo'q, ularning o'rnida oila va ish.

Aytish joizki, 30-iyul Xalqaro Do’stlik kuni butun dunyo bo’ylab do’stlikni nishonlaydigan yagona kun emas. Masalan, Argentina, Braziliya va Ispaniya 20-iyul kunini Do’stlik kuni sifatida nishonlasa, Hindiston va AQSHda esa bu bayram avgust oyining birinchi yakshanbasida nishonlanadi. Finlandiya va Esoniyada 14-fevral – sevishganlar kuni bilan bir sanada nishonlanadi.

Qayerda va qachon nishonlanmasin, bu bayram deyarli bir xil nishonlanadi. Do’stlar birga vaqt o’zkazish uchun to’planib, ko’chada yoki uyda birgalikda taom tayyorlashlari mumkin. Bir-birlariga kichik sovg’alar: kitoblar, gular, zargarlik buyumlari berishlari mumkin. Ba’zi insonlar esa, onlayn tabriknomalar yoki salom yuborishadi. Bayram qanday shaklda bo’lmasin, ruhiyati doim bir xil bo’ladi – do’stlarni qadr-qimmatini va do’stlikning ahamiyatini eslash.

Umuman olganda, do’stlik tushunchasi bizning milliy qadriyatlarimizda ham azaldan juda yuksak baholangan. Ko’plab dostonlar, she’r va asarlarning birlamchi g’oyasida do’stlikni ulug’lash, chin do’st topishga rag’batlantirish, do’stlarni asrab avaylashga undov kabi tushunchalar yotadi. Bu borada, muqaddas dinimiz – Islomda ham do’stlik tushunchasiga alohida urg’u beriladi. Shunday ekan, bizning jamiyatimiz uchun ham mazkur xalqaro bayramni nishonlash ahamiyati o’z-o’zidan oshib boradi.

Chindan ham, butun insoniyatni bog’lab turuvchi umumiy rishta do’stlikdir. Boshqa insoniy munosabatlar nisbatan chegeralangan, ma’lum kichik doiralarda bo’ladi xolos. Lekin turli xil millat, elat, irq va dinga tegishli milliardlab insonlar do’stlik ostida yagona manzilga, umumiy morosaga kelishlari mumkin. Shuning uchun ham, mazkur sana ahamiyati Birlashan Millatlar Tashkiloti tomonidan bir necha bor ta’kidlab o’tildi. Xalqaro do’stlik kuni joriy qilingan davrda yer yuzining turli qismlarida siyosiy, diniy kurashlar va zo’ravonliklar avjiga chiqqan bir payt edi. Mazkur sananing paydo bo’lishi xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi.

Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash mumkinki, bugungi zamonamizda, globallashuv, integratsiya jarayonlari kundan-kunga rivojlanib borayotgan bir paytda Xalqaro do’stlik kunining nishonlash ko’lami sezilarli ravishda kengayib boradi. Bu bir tarafdan, umumiy barqarorlikni mustahkamlashga yordam bersa, ikkinchi tarafdan, kelajakda kutilishi mumkin bo’lgan turli xil siyosiy o’yinlar, xalqlar va dinlarga nisbatan ayirmachilikni targ’ib qiluvchi fitna, zo’ravonliklarga qarshi butun bir dunyo xalqlarining yagona immunitetini shakllantirishga olib keladi.

 

Obidov Qodirjon
"Demokratlashtirish va inson huquqlari" jurnalining axborot texnologiyalari va bosma nashrlarning elektron shakli xizmati bo'limi yetakchi mutaxassisi,

Powered by GSpeech