Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining 2025 yilda amalga oshirgan ishlari haqida hisobot

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining 2025 yilda amalga oshirgan ishlari haqida

HISOBOT

2025 yil davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashi inson huquqlari sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini jamoatchilik nazorati orqali qo‘llab-quvvatlash, xalqaro majburiyatlar ijrosini monitoring qilish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish hamda huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib bordi.

Jamoatchilik kengashining tarkibi 17 kishidan iborat bo‘lib, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim tashkilotlari vakillarini o‘z ichiga qamrab olgan.

Jamoatchilik kengashining tarkibi Markaz direktorining buyrug‘i bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.

Jamoatchilik kengashining faoliyati tasdiqlangan ish reja asosida olib boriladi. Jamoatchilik kengashining 2025 yil mobaynida 4 ta yig‘ilishi o‘tkazildi xamda quyidagi yo‘nalishdagi masalalar qo‘rildi:

 

  1. Tashkiliy faoliyat va institutsional rivojlanish sohasida

2025 yil 27 fevraldagi majlisda Kengash tarkibi va Nizomi tasdiqlanib, uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari shakllantirildi.

Mazkur yig‘ilishda Kengash tarkibi tasdiqlandi.

  • Kengash raisligiga – O‘zbekiston Respublikasi Notarial Palatasi raisi Ashurov Dilshod Rustamovich
  • Kengash kotibligiga – Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Yuldasheva Gavxarjan

Majlis davomida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi Abdullaev Komil Qadamovich so‘zga chiqib, taqdim etilgan nomzodlar bilan yillar davomida samarali hamkorlik qilib kelinganini ta’kidladi. Shuningdek, u nomzodlarning kasbiy mahorati va tajribasi yuqori ekanligini qayd etib, ularning Jamoatchilik kengashi faoliyatiga qo‘shayotgan hissasiga ijobiy baho berdi.

Kengash rahbariyatining tasdiqlanishi va ish rejasining qabul qilinishi tashkilotning strategik boshqaruv qobiliyati shakllanganini ko‘rsatadi.

Kengashning asosiy maqsadi inson huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik xabardorligini oshirish va davlat organlari faoliyati yuzasidan takliflar ishlab chiqish ekani belgilandi.

  1. Milliy strategiyalar va dasturlar ijrosi monitoringi yo‘nalishida
  2. Amaldagi strategiyalar natijalari tahlili

Kengash yig‘ilishlarida 2020–2024 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya ijrosi tahlil qilinib, “yo‘l xaritasi”da belgilangan 78 vazifaning 69 tasi bajarilgani qayd etildi.

Shuningdek, mazkur davrda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan 58 ta qonun, 57 ta Prezident hujjati va 29 ta Hukumat qarorlari qabul qilingani ta’kidlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya O‘zbekistonning huquqiy, siyosiy va ijtimoiy rivojlanishi yo‘lida muhim qadam bo‘lib, u yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi uchun mustahkam asos yaratdi.

Jumladan, Milliy strategiyaning ijrosi davomida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonun hamda Mehnat kodeksining yangi tahriri inson huquqlari sohasidagi demokratik tamoyillarni amalga oshirishda asosiy qadamlardan bo‘ldi.

2020–2024 yillarda O‘zbekiston inson huquqlari sohasida qator xalqaro indekslarda o‘z mavqeini yaxshiladi. Bu natijalar davlat siyosatining inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va demokratik islohotlarni amalga oshirishga qaratilganidan dalolat beradi.

Xususan, O‘zbekiston 2021 yilgi Huquq ustuvorligi indeksida 139 ta davlat orasida 85-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 142 ta davlat orasida 83-o‘rinni egalladi.

  1. Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha harakatlar rejasi monitoringi

2025 yil iyul oyidagi majlisda 2022–2025 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi ijrosi muhokama qilinib, rejadagi bandlarning 58,2 foizi bajarilgani ma’lum qilindi.

Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida 2 ta qonun va 4 ta Prezident qaror va farmonlari qabul qilinib, 1 ta Dastur tasdiqlandi. Shuningdek, 2 ta monitoring, 3 ta tanlov va aksiyalar, 3 ta ijtimoiy so‘rovnomalar, 26 ta o‘quv-trening mashg‘ulotlari hamda 20 ta seminar va davra suhbatlari tashkil etilganligi takidlab o‘tildi.

Milliy harakatlar rejasining 63-bandi ijrosi bo‘yicha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 2025 yil mart oyi davomida xotin-qizlar o‘rtasida erta turmush – keltirar tashvish”, “Voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta nikoh va erta tug‘ruqning salbiy oqibatlari” kabi mavzularda mutaxassislar ishtirokida 2693 marotaba tushuntirish ishlari va profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Reja doirasida qonunchilik, ta’lim, targ‘ibot va ijtimoiy tadbirlar amalga oshirildi, biroq ayrim idoralar tomonidan hisobot taqdim etishda kamchiliklar aniqlandi.

  1. Bola huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejasi ijrosi

2024–2027 yillarga mo‘ljallangan rejaning ijrosi tahlil qilinib, 144 kichik bandning 17 foizi bajarilgani, 55 foizi ijroda ekani ma’lum qilindi.

2025 yilda Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida bola huquqlarini takomillashtirishga oid 1 ta strategiya loyihasi (O‘zbekistonda bola huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha 2025 – 2030 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya) va 1 ta Prezident qarori (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-2030-yillarda Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab quvvatlash hamda chaqaloq va yosh bolalar uchun ovqatlanishni optimallashtirishning chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror) loyihasi tayyorlandi. Shuningdek, bola huquqlariga oid 4 ta o‘quv-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Shu bilan birga bolalar muassasalarida monitoringlar o‘tkazilib, 450 dan ortiq bola bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi.

  1. Boshqa xalqaro majburiyatlar ijrosi

2025 yil dekabr oyidagi yig‘ilishda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha milliy harakatlar rejalari ijrosi muhokama qilindi.

Bu muhokamalar O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarga sodiqligini tasdiqlovchi muhim platforma bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi faoliyatiga qo‘shgan salmoqli hissasi, inson huquqlarini himoya qilish va aholining huquqiy ongini yuksaltirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun fuqarolik jamiyatining eng faol vakillarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosim davomida Jamoatchilik Kengashining faoliyatida alohida namuna ko‘rsatgan, jumladan, quyidagi yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishgan bir guruh faol a’zolar tantanali ravishda Tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Kengashning taqdirlangan a’zolari, o‘z navbatida, Markaz rahbariyatiga ko‘rsatilgan e’tirof uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarga o‘z hissalarini qo‘shishda davom etishlarini ta’kidladilar.

 

III. Yangi Milliy strategiya (2030 yilgacha) loyihasi muhokamasi

2025 yil davomida Kengash faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasini muhokama qilish bo‘ldi.

Muhokamalar davomida:

  • strategiyaning tuzilishi, asosiy qoidalari va amalga oshirish mexanizmlari taqdim etildi;
  • xotin-qizlar huquqlari va gender tengligi masalalariga keng o‘rin berilgani qayd etildi;
  • ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy uy-joy dasturlari masalalari muhokama qilindi;
  • milliy qonunchilikni Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga muvofiqlashtirish, infratuzilma standartlarini joriy etish va inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, ekspertlar tomonidan:

  • pensionerlar huquqlarini kuchaytirish,
  • nogironligi bo‘lgan sobiq harbiylar uchun qulay muhit yaratish,
  • Axborot kodeksi ishlab chiqish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish,
  • strategiya choralarini moliyalashtirish manbalarini aniqlash,
  • miting va yig‘ilishlarga oid qonunchilikni takomillashtirish,
  • strategiyani aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish kabi takliflar ilgari surildi.

Yig‘ilish qaroriga muvofiq:

  • strategiya loyihasini tayyorlash ishlarini jadallashtirish,
  • bildirilgan takliflarni hisobga olish,
  • ijro nazoratini ta’minlash vazifalari belgilandi.
  1. Jamoatchilik ishtirokini ta’minlash

Yig‘ilishlarda davlat organlari, NNTlar, ommaviy axborot vositalari, ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etib, ochiq muloqot muhiti shakllantirildi.

Yil yakunida inson huquqlarini himoya qilish sohasida faol ishtirok etgan jamoatchilik vakillari rag‘batlantirildi.

 

  1. Umumiy natijalar va baholash

2025 yil yakuni bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyati quyidagi asosiy natijalar bilan tavsiflanadi:

  • inson huquqlari sohasida milliy va xalqaro dasturlar ijrosi ustidan jamoatchilik monitoringi kuchaytirildi;
  • davlat organlari hisobdorligini oshirishga xizmat qiluvchi tahliliy muhokamalar yo‘lga qo‘yildi;
  • qonunchilik va strategiya loyihalari bo‘yicha ekspertlik muhokamalari tashkil etildi;
  • inson huquqlari sohasida huquqiy targ‘ibot ishlari kengaytirildi;
  • davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasida muloqot mexanizmi takomillashtirildi.

 

 

Xulosa

2025 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashi inson huquqlarini ta’minlash tizimining muhim jamoatchilik instituti sifatida faoliyat yuritdi. Kengash davlat boshqaruvi organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlab, inson huquqlari sohasidagi islohotlarning amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qildi.

Powered by GSpeech