20-28 fevral – “Inson huquqlari haftaligi”
Inson huquqlari haqida so‘z borgan turli davralarda: “Bir insonning huquqi ikkinchi insonning huquqi boshlanadigan joygacha davom etadi”, degan iborani ko‘p eshitib qolaman. Haqiqatan ham, inson huquqlari – nafaqat huquq, erkinlik, qonuniy manfaatlar hurmat qilinishi va ta’minlanishini, balki bu boradagi burch hamda majburiyatlarga ham qat’iy amal qilinishini talab etadi.
Boshqa har qanday madaniyatlar qatori inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, rivojlantirish va yuksaltirish uchun, o‘z navbatida, ayni sohada ta’lim va tarbiya berish, bilim va ko‘nikmalarni oshirish, tegishli axborot hamda ma’lumotlarni taqdim etishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi. Negaki, inson huquqlari sohasidagi ta’limga:
- inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya;
- ushbu huquqlar to‘g‘risida bilish huquqi;
- jamiyat va hamjamiyatlarda inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilishning usullari va vositalari kiradi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya barcha yoshdagi insonlarni qamrab oladigan hayotiy jarayondir.
Shu ma’noda, Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi va uning ijrosi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangani ulkan siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy qadam bo‘ldi, deb hisoblayman.
Ushbu hujjatlar, Qarorda ta’kidlanganidek, “mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida” qabul qilindi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori mazkur Qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilandi.
Milliy markazda uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan mas’ul xodim sifatida, avvalo, ayni hujjatda belgilab berilgan ustuvor vazifalar qaysidir xalqaro tashkilotlarga azbaroyi maqbul kelish istagining mevasi emas, balki aynan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi shiddatli va qamrovdor islohotlarimizning amaldagi bosqichi taqozosi ekanini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu fikrimni isbotlash uchun istagancha hayotiy misollar keltirishim mumkin.
Avvalambor, O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish zarur, degan muhim maqsad kun tartibiga qo‘yildi. Bu, bir tomondan, shu sohada hozirgi vaqtga qadar muayyan ishlar bajarilganini bildirishi tabiiydir.
Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda yurtimizda davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonlik darajasini oshirish va baholash tartibi o‘rnatildi. Milliy markaz huzurida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xodimlari uchun inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilingani ham katta ahamiyat kasb etdi.
Sohadagi yana bir ulkan natija – “Inson huquqlari” ixtisosligi bo‘yicha yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari yo‘nalishida oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti tashkil qilinganidir. Mazkur institut ayni vaqtda inson huquqlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash hamda ushbu yo‘nalishda fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida erishilgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolmasligimiz kerak. Bil’aks, bu borada yangi marralarni belgilab olishimiz va bosqichma-bosqich zabt etib borishimiz darkor.
Binobarin, bugungi kunda aholi o‘rtasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va unga rioya qilish tamoyillarini ommalashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta’minlash jarayonlariga davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalarini keng jalb etish zarurati yuzaga keldi.
Oliy ta’lim muassasalarida, akademik litsey va texnikumlarda inson huquqlari, ayollar huquqlari va bola huquqlariga oid o‘quv kurslari va darsliklar joriy etilganlik holati hamda mazkur mavzularning o‘qitilish sifatini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazilgandi. Uning natijalari, afsuski, oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari” maxsus o‘quv kursini o‘qitish to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganini, qolaversa, moliyalashtirish masalasi hal qilinmagani sababli ayni shu fanlar mutaxassis bo‘lmagan o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilayotganini ko‘rsatdi.
Bu omillar, o‘z navbatida, jamiyatda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat hissining shakllanishi, xalqaro tashkilotlar tavsiyalarining bajarilishi uchun sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari xodimlarining inson huquqlari bo‘yicha malakasini oshirish ishlarini tizimli amalga oshirish zarurligini yaqqol tasdiqlaydi. Davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish maqsadi nechog‘lik hayotiy va dolzarb ekanini, nazarimizda, qisqacha shunday ifodalash mumkin.
Prezident Qarorida belgilab berilgan navbatdagi maqsad – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash masalasidir. Albatta, bu o‘rinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mazkur dasturiy hujjat ijrosi muntazam monitoring qilib borilayotganini alohida qayd etish lozim.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning 85 foizi bajarilgan. Bu sur’atlar, shubhasiz, mazkur dasturilamal hujjatda ko‘rsatilgan dolzarb vazifalar ijrosining umumiy holatini ijobiy baholashga imkon beradi.
Shu bilan birga, Milliy markaz direktori ta’biri bilan aytganda, “Prezidentimizning yangi Qarori Milliy strategiya doirasidagi barcha chora-tadbirlar ijrosini jadallashtirish va samarali yakuniga yetkazish uchun muhim dasturilamaldir”.
Prezident Qarorida, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadiga oid muhim vazifalar belgilab berilgan.
Bu haqda fikr yuritganda, birinchi navbatda, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etilgani va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori mazkur yangi tuzilmaning rahbari etib tayinlanganini qayd etish o‘rinli, deb o‘ylayman.
Ma’lumki, hozirgi vaqtgacha BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004 yil 10 dekabrda e’lon qilingan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining uchta bosqichi amalga oshirildi. O‘z navbatida, 2020-2024 yillarda Jahon ta’lim dasturining inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan to‘rtinchi bosqichi izchil bajarilmoqda.
Tahlillar Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini yurtimizda amalga oshirishga oid ishlar sifatini yaxshilash va ko‘lamini yanada kengaytirish zarurligini ko‘rsatdi. Binobarin, Prezidenimiz tasdiqlab bergan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi bu borada ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Muxtasar aytganda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilingandan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi va ularga rioya etilishini xalqaro inson huquqlari me’yorlari va mexanizmlari orqali targ‘ib qilishni boshladi. Ushbu huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – insonning barcha huquqlaridan foydalanish uchun boshlang‘ich nuqtadir.
Shu ma’noda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha umumjahon kampaniyasi boshlangan muhim bir davrda mamlakatimizda Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi qabul qilingani va uni amalga oshirishga qat’iy kirishilgani o‘ziga xos yorqin ramziy ma’noga hamda chuqur mantiqiy asosga egadir.
Otabek NORBOYEV,
Farida HAQBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimlari