15 ta ijtimoiy tarmoq sinchkovlik bilan o‘rganilib, qaysi biri foydalanuvchi haqida ko‘proq ma’lumot yig‘ishi aniqlandi.
Amerikaning Incogni kompaniyasi tahlilchilari “Ijtimoiy tarmoqlarning maxfiylik reytingi —2024” jadvalini tuzdi. Reytingda global ijtimoiy tarmoqlardan qaysilari foydalanuvchilar haqida ko‘proq ma’lumot yig‘ishi va saqlashi ma’lum qilingan.
Jadvalning eng yuqorisida jami 15 ta ijtimoiy tarmoq va messenjer, jumladan Telegram, WhatsApp, Facebook, Discord, YouTube va boshqalar jamlangan. Baholash beshta toifadagi 14 ta mezon bo‘yicha o‘tkazildi. Bu mezonlar orasida qoidabuzarliklar, ma’lumotlarni yig‘ish va saqlash, shaffoflik hamda maxfiylikni boshqarish qulayligi kabilar mavjud.
Foydalanuvchilar haqida eng ko‘p ma’lumot to‘playdigan ijtimoiy tarmoqlar:
- Facebook — maxfiylik darajasiga 20 balldan 18,9 ball berilgan (ballar qancha past bo‘lsa, shuncha yaxshi);
- Facebook Messenger — 16,5 ball;
- LinkedIn — 16,3 ball;
- Instagram — 15,8 ball;
- X (Twitter) — 15,2 ball.
Foydalanuvchilar haqida eng kam ma’lumotni Reddit, Snapchat, Pinterest va Discord platformalari to‘playdi.
Ma’lumot sizib chiqishi holatlari va qoidabuzarliklar eng ko‘p sodir sodir bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar:
- LinkedIn;
- Facebook;
- X;
- Whatsapp;
- Snapchat.
Discord, Telegram va Reddit servislarida esa ma’lumot sizib chiqishi kamroq kuzatilgan.
Mutaxassislar shuningdek, Telegram va Discord ma’lumotlarni boshqarishning eng shaffof va qulay usullarini taklif etishini aniqladi. Bunda Telegram foydalanuvchi akkaunti o‘chirilgandan so‘ng ma’lumotlarni juda tez o‘chirib yuborishi bilan boshqalardan ajralib turdi. LinkedIn va X eng qattiq maxfiylik sozlamalariga ega, biroq ikkala platforma ham maxfiylik uchun katta xavf tug‘dirmoqda.
“Eng xavfli ijtimoiy tarmoqlarning yakuniy reytingi quyidagicha: birinchi o‘rinda Facebook, ikkinchi va uchinchi o‘rinda mos ravishda Facebook Messenger va LinkedIn. YouTube reytingda 9-o‘rinni egalladi. Telegram 6-, Whatsapp 8-o‘rinda. Reddit, Snapchat va Pinterest eng xavfsiz deb tan olindi”, — deyiladi xabarda.
Kun.uz
- Qo'shildi: 04.10.2024
- Ko'rishlar: 816
- Chop etish