O‘zbekistonda har yili o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar muassasalarini qariyb 650 ming nafar yosh bitiradi. Ularning chorak qismi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinsa, qolgani mustaqil ravishda, jumladan, xorijdan ish qidira boshlaydi. Ushbu talabni qondirish maqsadida respublika iqtisodiyotida yiliga o‘rtacha 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilmoqda.
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistondan boshqa davlatlarga ish izlab chiqayotgan migrantlarning 43 foizdan ortig‘ini o‘rta ma’lumotli, qariyb 29 foizini tugallanmagan o‘rta ma’lumotlilar tashkil qiladi. Ularning aksariyati xorijda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini to‘la himoya qila olmaydi.
Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, xorijga ishlash uchun ketish istagidagi mehnat migrantlarini til va kasb-hunarga o‘qitish, xavfsizligi va kafolatlangan ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Ammo, aksariyat migrantlar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xizmatlaridan foydalanmaydi. Chunki chiqish tartibiga ko‘ra, mehnat migratsiyasi uchun chet elga ketayotgan shaxslarning majburiy kasbiy tayyorgarligi to‘g‘risida sertifikat talab qilinadi. Shu bois, ko‘pchilik fuqarolar xavfsizligini o‘ylamay, Rossiya yoki Qozog‘istonga borishni afzal ko‘radi.
Mamlakatimizda joriy etilayotgan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish, xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish, zarur ijtimoiy va axborot-maslahat yordamini ko‘rsatish, ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va (yoki) kasb bo‘yicha muvaffaqiyatli topshirilgan malaka imtihoni xarajatlarini to‘lab berish, xorijga ketish uchun yo‘l transport chiptasini xarid qilishga kompensatsiya to‘lash, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolarini kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga yuborishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga har tomonlama ko‘maklashish hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Xorijdagi yoshlar balansi” ni shakllantirish va ular to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar portali” elektron platformasiga kiritib borish kabi vazifalar belgilab berilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norovning ta’kidlashicha, joriy yil boshidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan 13 ming 476 nafar fuqaro 30 ga yaqin turdagi kasbga va 2 ming 980 nafar fuqaro chet tillariga o‘qishga jalb qilingan.
Shveysariyaning “GLOBOGATE” tashkiloti bilan hamkorlikda Angren va Nukus shaharlari hamda Toshkent shahrining Yangihayot, Chilonzor tumanlarida, Germaniyaning “NovaAgency” tashkiloti bilan hamkorlikda Buxoro shahrida, “Technoconsult” markazi bilan hamkorlikda Namangan, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida, “CBZ Munchen” markazi bilan hamkorlikda Toshkent va Samarqand shaharlarida nemis tili kurslari, Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Ishga marhamat” monomarkazlarida, “AOIKAI Yaponiya” markazi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatida yapon tili kurslari, Koreyaning “Qirol Sejong” markazi bilan hamkorlikda hududlarda koreys tili kurslari tashkil etilgan.
Bugungi kunda xorijda ishlayotgan mehnat migrantlari bilan muloqot o‘rnatilgan. Ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etilgan. Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming nafar fuqaro rivojlangan davlatlarga yuborilgan. Lekin ayrimlar malaka talab qilmaydigan o‘lkalarga o‘zlari ham mustaqil ravishda ketmoqda. Ularning mehnat va yashash sharoitlari, kasbi, daromadi turlicha.
Joriy yil boshida esa Angliyada elektromexanik, qassoblik va qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga 7,5 ming ish o‘rni aniqlangan edi. Bugungi kunda yana tibbiyot yo‘nalishida 10 mingta ish o‘rniga talabnoma olindi. Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, Finlyandiya va boshqa Yevropa davlatlariga ham 27 mingdan ortiq fuqarolarni yuk mashina haydovchiligi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga ishga yuborish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, bu yil ilk marotaba Koreyaga ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasiga 15,5 ming ish o‘rniga kvota olindi. Koreyada oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 ming dollarni tashkil qiladi. Kanada qurilish sohasida esa 5 mingta ish o‘rniga buyurtma berdi, soatiga 12 dollardan 30 dollargacha maosh to‘lamoqchi. 2023-yilda 38,4 ming nafar fuqaro xorijga ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 2024-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 20,9 ming nafarni tashkil etdi.
2024-yilning o‘tgan davri mobaynida Germaniya, Turkiya, Belarus, Latviya, Saudiya Arabistoni, Litva, Serbiya, Xorvatiya, Buyuk Britaniya kabi dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha 28 ta shartnoma imzolanishiga erishildi. Shunday qilib, jami kelishuvlar soni 295 taga yetdi. Shu bilan birga, Yaponiyaning “Prometric”, Germaniyaning “ÖsD” bilimni baholash tashkilotlari hamda ingliz tili bo‘yicha bilimni baholovchi bir nechta tizim faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Endilikda xorijda aniqlangan ish o‘rinlarida ishlash istagida bo‘lgan, lekin kasbiy malaka yoki chet tilni bilmaydigan fuqarolar aniqlanadi va ular o‘qishga jalb qilinib, ish beruvchi talabiga mos ravishda maqsadli tayyorlanadi. Buning uchun 32 ta monomarkaz, 53 ta kasb-hunar o‘qitish va 13 ta qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi, 10 ta xorijiy tashkilot bilan hamkorlikda respublikada 48 ta kurs faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Litva, Buyuk Britaniya, Kanada, Polsha, Latviya, Yaponiya, Finlyandiya, Ruminiya kabi davlatlarda tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, yuk avtomobil haydovchisi, payvandlash, elektrik, IT kabi sohalar bo‘yicha 160 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan. Ushbu bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha nemis, rus, ingliz, koreys, yapon, turk va boshqa tillardan birini biladigan hamda malakaga ega nomzodlar murojaat qilishi mumkin.
Bundan buyon migrantlarning ishchi viza, yo‘l chiptasi, xorijiy til va kasb bo‘yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi. Chet tili bo‘yicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga esa til o‘rganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi. Endilikda mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan oyiga 500 ming so‘m subsidiya beriladigan bo‘ldi. Ushbu tadbirlarga bu yil uchun 100 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1767
- Chop etish