21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

“Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi”. Bu fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbek tili bayrami munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga yo‘llagan tabrigidan olindi.

Davlat rahbari tomonidan 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, ushbu tarixiy sana bayram kuni deb belgilangan. Bu bejiz emas.

O‘zbekistonning “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni bundan 32 yil oldin, 1989 yil 21 oktyabrda – Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan taxminan ikki yil ilgari qabul qilingan. Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish oson kechmagan.

Haqiqatan ham, o‘sha davrda o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi.

Shuni ham qayd etish kerakki, 1989 yili “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda aks etgan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik, 1992 yilda Mustaqillik Qomusi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi:

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

            O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, maktablarimizda ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta’kidlash o‘rinlidir. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o‘quv mashg‘ulotlari xorijiy tillarda o‘tiladigan ta’lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o‘zgarishlar natijasidir.

Ma’lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bun o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilgan. Universitet qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus o‘quv kursi hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg‘armasi tashkil etilgan.

O‘tgan qisqa davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug‘at nashr qilingan. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma, o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgan.

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Xulosa qilib aytganda, ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi. Binobarin, o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi.

Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.

Yanada muhimi, bu boradagi sa’y-harakatlar, bir tomondan, ushbu sohada to‘planib qolgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan, yangicha tashabbuslar mamlakatimizda o‘zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli vazifalarlarning samarali ijrosi uchun nihoyatda zarur.

 

G‘ulom Mirzo

Powered by GSpeech