Qaror va ijro
Yurtimiz yoshlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Prezidentimizning shu yil 6-apreldagi «Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2024-yilda tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydonini elektron onlayn auksion orqali yoshlarga ijaraga berish belgilangan.
Xususan, «Temir daftar», «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan oilalar farzandi, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Mehr daftari»ga kiritilgan yoshlar, oilasi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh fuqaro, huquq-tartibot va mudofaa organlariga biriktirilgan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishdan qaytgan yoshlarga yer ajratilishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj va tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar yetgan yosh fuqarolarga ham yer ajratish belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan seminarda yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar muhokama qilindi. Deputatlar yer ajratishda «mahalla yettiligi»ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar qamrab olinishi, bunda yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10-yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilganligini e’tirof etdi.
Yer ajratishda alohida tartib ham joriy etilmoqda. Bunda sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari, dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari ajratiladi. Mazkur yer maydonlari 30-yil muddatgacha kichik lotlarda «bir massiv – bir mahsulot» tamoyili asosida ijaraga beriladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, yer uchastkalarini olish maqsadida bo‘lgan yoshlar «Fermerlar maktabi», «Suvchilar maktabi», agrar sohada kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari va hududlardagi kichik biznesga ko‘maklashish markazlaridagi maxsus o‘quv kurslarida o‘z malakalarini oshiradi. Bu esa yoshlarning tajribaga ega bo‘lishi, sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishlarida qulay sharoitlar yaratadi.
Seminarda yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosi yuzasidan doimiy nazorat-tahlil tadbirlari olib borilishiga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.04.2024
- Ko'rishlar: 1922
- Chop etish