Mamlakatda barcha uylarning 14 foizida hech kim yashamaydi. Bo‘sh uylar “Akiya” deb ataladi. Bu uylarning har biriga 3 kishidan joylashtirilsa, butun Avstraliya aholisini uy bilan ta’minlash mumkin.
Yaponiyada aholining kamayib borayotgani Yapon jamiyati va iqtisodiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda mamlakatda 9 mln uy bo‘shab qolgan.
"Akiya" atamasi yaponchada "bo‘sh uy" degan ma’noni anglatadi. Qonunan uylarni akiya deb topish uchun uning holati baholanadi. Unga ko‘ra, odamlarning yil davomida uyga kirmagani, suv, elektr va gazdan foydalanmagani kabilar hisobga olinadi va uy “akiya” deb e’lon qilinadi.
Hozirgi kunda Yaponiyadagi har 8 ta uydan bittasi akiya, ya’ni tashlandiq uylar hisoblanadi. Ularni 4 ta turga bo‘lish mumkin: ijaraga beriladiganlar, sotiladiganlar, ikkinchi uylar va boshqalar. Vaqt o‘tgani sari sotish va ijaraga berishga mo‘ljallangan akiyalar soni qisqarib, boshqa turga kiruvchi, ya’ni haqiqatan tashlandiq bo‘lgan akiyalar soni oshmoqda.
Asosan, yoshlarning an’anaviy mehnat turlarini tanlamasdan yirik shaharlarda ishlash va o‘qish uchun migratsiya qilishi, qishloqlarda keksa yoshlilarning qolishi orqali uylar bo‘shab qoladi.
Aholining qishloq joylardan ko‘chib ketishi sabab hududlarda arvoh shaharlar paydo bo‘lishiga qarshi kurashish uchun Yaponiya hukumati ba’zi tashabbuslarni ilgari surmoqda. 2023 yilda hukumat oilalarga gavjum Tokiodan qishloqqa ko‘chib o‘tishlari uchun oiladagi har bir bolaga 1 mln yen (6,3 ming dollar) taklif qilgan. Bunda oila kamida 5 yilni yangi joyda yashab o‘tkazishi, oila a’zolaridan birining masofadan ishlash uchun bo‘lsa-da, barqaror ish joyi bo‘lishi yoki yangi hududda boshlash uchun biznes rejasi bo‘lishi kerak.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, “akiya” uylarining soni 2018 yildan beri to 2023 yil oktyabrigacha yarim milliondan ko‘proqqa oshgan.
Dastlab, akiyalar qishloq aholisining ko‘chib ketishi bilan paydo bo‘lgan bo‘lsa, bunday uylarni meros qilib olganlarning unda yashashni xohlamasligi, uni ta’mirlash yo buzishga xohishi yo‘qligi sabab soni oshib borgan. Endilikda shaharlar ham “akiyalar”dan” mustasno emas, shaharlarda ham yuz minglab uylar bo‘shligicha qolmoqda.
Bo‘sh uylarning umumiy soni Yaponiyadagi barcha uylarning qariyb 14 foizini tashkil qiladi, ammo haqiqiy raqam bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Nomura ilmiy-tadqiqot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda 11 millionga yaqin akiya bor va ular o‘n yil ichida barcha uylarning 30 foizdan ortig‘ini tashkil qilishi mumkin.
Aniqlanishicha, bo‘sh turgan uylarning 4,4 mlni ijaraga berishga yaroqli. Biroq ular uzoq muddat bo‘sh bo‘lgan va aholi gavjum markazlardan uzoqroqda joylashgan. Yana 3,8 mln uyning taqdiri noaniq. 9 mln bo‘sh uydan faqatgina 330 mingi sotuvga chiqarilgan.
Yaponiyada bo‘sh yerlar binolari bo‘lgan yerlardan ko‘ra ko‘proq soliqqa tortiladi, bu esa eski uylarni buzishning moliyaviy yukini oshiradi va ba’zi odamlarning merosga egalikni rad qilishlariga sabab bo‘ladi.
Biroq xorijliklar orasida kominka (an’anaviy) uylarga qiziqish ortib boryapti. Ular bo‘sh mulklarni, xususan, an’anaviy uylarni arzon va noodatiy turar joy, dam olish uylari sifatida qadrlaydi yoki sayyohlarga ijaraga berish varianti sifatida ko‘radi.
Hana Sakata va uning turmush o‘rtog‘i "Yangi meros" dasturi orqali 10 yildan beri eski uylarni ta’mirlash va ijaraga berish bilan shug‘ullanishadi. Masalan, ular tog‘li Nagano qishlog‘idagi egasi g‘amxo‘rlik markazida yashayotgan, kuchli qor sabab bir qismi ko‘chib tushgan an’anaviy kominka uyini sotib olishgan.
Sakataning ogohlantirishicha, bunday uylarni olib, ularni avvalgi holatiga qaytarish yaxshigina mablag‘ talab qiladi.
"Hozir, ayniqsa, chet elliklar orasida Yaponiyadagi bu ulkan qishloq uylarining judayam arzon yoki tekinligi haqida turli shov-shuvlar yuradi. Lekin ularga egalik qilish katta majburiyat va bunday uylarni tuzata oladigan ustalar ham ko‘p emas. An’anaviy duradgorlik mahorati so‘nib bormoqda", deydi u.
Shu jihatlarga qaramay xorijlik turistlar o‘rtasida an’anaviy yapon uylarida qolishga qiziqish yuqori, bu talab hozirda bozorda mavjud taklifdan oshib ketgan. Mart oyida 3 mln xorijlik mamlakatga tashrif buyurdi.
2038 yilga kelib, ba’zi prognozlarga ko‘ra, Yaponiyadagi uylarning deyarli uchdan bir qismi bo‘sh qolishi mumkin.
Hozirgi kunda Yaponiya aholi kamayishiga qarshi kurashayotgan yagona davlat emas. Qo‘shni Janubiy Koreyada 2023 yilda har bir ayol boshiga tug‘ish darajasi 0,72 ga tushib qoldi. Bu hatto Yaponiyadagi 1,26 ko‘rsatkichidan ham past. Singapur va Tayvanda ham tug‘ish ko‘rsatkichi bir ayolga bittadan to‘g‘ri kelmoqda. AQShda ham tug‘ilishning asr davomidagi eng past ko‘rsatkichi qayd etilgan.
Kun.uz
- Qo'shildi: 03.05.2024
- Ko'rishlar: 1836
- Chop etish