Mustaqilligimizning 30 yillik qutlug' to'yi keng tantana qilingan joriy yil muhim ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarga boy bo'lmoqda. O'zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning 80 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan ezgu amallar shular jumlasidandir.
Yaqinda Abdulla Oripovning o'zbek tilidagi ikki jildlik «Tanlangan asarlar» to'plami chop etildi. Bu ikki jildlik O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 dekabrda qabul qilingan “O'zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati tomonidan nashrga tayyorlandi.
“Istiqlol, ketma yurt peshonasidan”
Ulug' shoir asarlari yangi nashrining birinchi jildi aynan Davlat madhiyasidan boshlangani mantiqan to'g'ri va asosli, deb o'ylayman. Birinchi jildga Abdulla akaning 1957-1999 yillar oralig'idagi she'rlari kiritilgan. Kitob 14 ta fasldan tashkil topgan.
Bu fasllar “Sen bahorni sog'inmadingmi”, “Mitti yulduz”, “Lojuvard osmon”, “O'zbekiston, Vatanim manim”, “Yillar armoni”, “Koinot gultoji insondir azal”, “Ishonch ko'priklari”, “Uyg'onish zamoning”, “Haj daftari”, “Hikmat sadolari”, “Aylayin qalbimni tortiq, O'zbekistonim, senga”, “Jeneva daftari”, “Istiqlol, ketma yurt peshonasidan” hamda “Dostonlar” deb nomlanadi.
E'tibor berilsa, ayni fasllarga nom tanlashda Abdulla akaning hayotligidayoq qo'lma-qo'l bo'lib ketgan kitoblari, turkumlari, she'rlarining nomlanishi, shuningdek dilbar she'riy iboralaridagi bemisl sehr va qudrat, nafosat va tarovatga tayanilganini payqash mumkin.
Kitobdan shoirning “Jannatga yo'l”, “Hakim va ajal”, “O'zbeklar”, “Ranjkom”, “Sohibqiron” kabi mashhur dostonlari ham joy olgan.
“Umr zinalari”
Ikkinchi jildda Abdulla Oripovning 2000 yildan toki umrining oxirigacha yozgan nazmiy asarlari taqdim etilgan. Bu kitobdagi “Shoirlar va yulduzlar”, “Umr zinalari” nomli fasllar, shuningdek, “Yapon ohanglari”, “Italiya daftari” turkumlari va “Jeneva daftari” turkumining davomidan xronologik tartibda joy olgan she'rlar kitobxonni befarq qoldirmaydi.
Bundan tashqari, ikkinchi jildga Abdulla akaning “Istiqlol manzaralari” dostoni kiritilgani diqqatga sazovor. Eng asosiysi, ushbu doston nafaqat ko'psonli she'rxonlar, balki xolis va hassos adabiyotshunoslarning ham e'tiboriga muntazir.
Bir so'z bilan aytganda, salmoqli ikki jildda Abdulla akaning butun umri mobaynida yozgan eng sara she'ru dostonlari jam bo'lgan. Abdulla Oripov asarlarining ushbu yangi nashri O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan.
Har ikki jildga adabiyotshunos Doniyor Begimqulov – nashrga tayyorlovchi, shoirlar Abdumajid Azim va Shodi Otamurod – mas'ul muharrir, shoir va tarjimon Vafo Vayzulloh muharrirlik qilgan.
Shu o'rinda noshirlar va nashriyotga kelgusida inobatga olish uchun ayrim mulohazalarimiz bor. Avvalambor, Abdulla akaning qalamiga mansub she'ru dostonlardan iborat mazkur salmoqli “Tanlangan asarlar” nashriga muayyan “So'zboshi” yoki “Bag'ishlov” berilganda yaxshi bo'lardi. Chunki:
birinchidan, Abdulla Oripovning ikki jildligi aynan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qabul qilgan qaror ijrosi doirasida, ya'ni davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan nashr etildi;
ikkinchidan, ushbu kitoblar shoirning qutlug' 80 yoshiga bag'ishlangan yubiley nashri hisoblanadi;
uchinchidan, bu yangi kitoblari dunyo yuzini ko'rguniga qadar muallif foniy dunyoni tark etganiga bir necha yil bo'ldi. Shunday ekan, sevimli shoirimiz ikki jildligini kitobxonlarga taqdim etish asnosida, Ustozning xotirasiga ham bir-ikki og'iz yaxshi gaplar aytilgani maqbul edi;
to'rtinchidan, ikki jildlikni tuzish printsiplari kitobxonga ochib berilsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Binobarin, Abdulla Oripov she'rlarining bir qismi biografik mazmunda bo'lsa,“Jeneva daftari”, “Yapon ohanglari”, “Italiya daftari” kabi turkumlari geografik ahamiyatga ega;
beshinchidan, muayyan “So'zboshi” orqali bugungi kitobxonga ushbu she'rlarning yaratilishi tarixi va badiiy, falsafiy, ma'naviy mohiyati haqida muxtasar ma'lumot berilganda ayni muddao bo'lardi. Masalan, Abdulla Oripovning “Haj daftari” va “Hikmat sadolari” turkumlaridagi she'rlarni shunchaki mutolaa qilishdan ko'ra mag'zini chaqib o'qish ham qiziqarli, ham foydalidir.
Abdulla akanning ushbu she'riy turkumlari Muhammad payg'ambarimizning (s.a.v.) “Kimki ummatlarimga din xususidagi qirq hadisni yetkazsa, Tangri taolo uni qiyomat kuni faqh (huquq) bilimdonlari, olimlar to'dasiga qo'shadi”, degan hadisi asosida yozilgan. Odatda, islom dini asoslari va qoidalari, Islom yoxud Alloh yo'lidagi muqaddas kurash, toat-ibodat yoki odob- axloq qoidalarini targ'ib qilishga qaratilgan bunday asarlarning barchasida qirqtadan hadisning sharhi berilgan bo'ladi .
Adabiyotshunos olimlar I.G'aniev va N.Afoqovaning e'tirof etishicha, Abdulla Oripovning “Hikmat sadolari” turkumi XX asrning so'nggi choragida o'zbek adabiyotida bu boradagi an'anani davom ettirish yo'lidagi ilk urinishdir . Shoir ushbu asarida qirqta emas, balki ellikta hadisga she'riy sharhlar bitgan.
Yana bir misol: Tanlangan asarlarning birinchi jildi haqli ravishda O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan ochiladi. Shu bois Abdulla Oripov ana shu Ona qo'shig'imizning muallifi ekani bilan bog'liq ayrim tarixiy ma'lumotlar kitobxon uchun ahamiyatli ekanini hisobga olib, bu haqda quyida muxtasar to'xtalishga jazm etdik.
Abdulla Oripov – Davlat madhiyasi matni muallifi
O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini qabul qilish jarayoni – Asosiy Qonunimizni tayyorlash, muhokama etish va qabul qilish, ya'ni konstitutsiyaviy mustaqillik yo'lidagi eng asosiy huquqiy qadamlardan biri sifatida tarixda qolgan. Zero, Konstitutsiyani yaratish tarixi – mustaqillik uchun, konstitutsiyaviy suverenitet uchun kurashning uzviy tarkibiy qismidir.
Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, O'zbekistonda davlat ramzlarini ishlab chiqish jarayonlari mustaqillikka erishishdan ancha oldin boshlanganiga e'tibor qaratish lozim.
O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i, gerbi va madhiyasining ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishi jarayoni salkam uch yillik muddatni va amaliy ahamiyatga ega to'rtta bosqichni o'z ichiga oladi. Bu bosqichlar 1990 yil 30 martdan to 1992 yil 9 dekabrgacha bo'lgan davrni qamragan.
Birinchi bosqich – O'zbekiston Respublikasining ramziy belgilarini ishlab chiqishga tayyorgarlik jarayonlarini o'zida qamraydi. Xususan, O'zbekiston SSRning Davlat gimni to'g'risidagi masala o'n ikkinchi chaqiriq Oliy Sovetining 1990 yil 24-31 mart kunlari bo'lib
o'tgan birinchi sessiyasi kun tartibiga kiritilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Ikkinchi bosqich – O'zbekiston Respublikasi davlat ramzlarini ishlab chiqish bo'yicha tanlovlar o'tkazish davri. Davlat ramzlari loyihalari tanlovi borasidagi amaliy tayyorgarlik ishlari 1991 yil 11 fevralda boshlab yuborilgan bo'lsa, o'sha yilning iyun` oyidayoq davlat bayrog'i va gerbi loyihasiga dastlabki tanlov e'lon qilindi. Tegishli komissiyalar eng yaxshi madhiya matni bo'yicha ham tanlov e'lon qildi va bu ishga mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilik jalb etildi.
Uchinchi bosqich – O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i, gerbi va madhiyasi loyihalarining umumxalq muhokamasi tashkil etilishi. Ushbu jarayonda fuqarolar va mutaxassislar tomonidan taklif etilgan Davlat bayrog'i va gerbi emblemalarining variantlari, madhiya matni hamda musiqasi matbuotda yoritilib, umumxalq muhokamasiga qo'yildi.
To'rtinchi bosqich – O'zbekiston Respublikasi Davlat ramzlari bo'yicha tanlov va umumxalq muhokamasi natijalarining Oliy Kengashda umumlashtirilishi. Bu o'rinda Davlat ramzlari bo'yicha tanlov va umumxalq muhokamasining dastlabki olti oy ichida erishilgan natijalar Oliy Kengashning 1991 yil 31 avgustdagi sessiyasida ko'rib chiqilganini alohida
ta'kidlash lozim.
O'sha tarixiy sessiya majlisida O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi haqidagi masalani ko'rib chiqishga kirishilar ekan, raislik qiluvchi tomonidan birinchi bo'lib O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga so'z berilgan. Abdulla aka Davlat madhiyasi she'riy matnining o'zi yozgan ikki variantini o'qib eshittirgan.
Birinchisi – ko'p yillar «Bahor» ansambli uchun jozibali milliy kuylar yozib, tajriba orttirgan kompozitor, sobiq SSSR Davlat mukofoti sovrindori Baxtiyor Aliev musiqasiga she'riy matn edi. Bu she'r “Ming yillar qa'ridan kelar karvoning” satri bilan boshlanardi.
Ikkinchisi – mashhur bastakor Mutal Burxonovning elga tanish musiqasiga yozilgan madhiya matni. Endilikda ana shu she'r asosidagi O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini butun xalqimiz kuylamoqda.
Esimda, o'shanda yana bir shoir – O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi Mirpo'lat Mirzo o'zining taniqli bastakor, ko'plab yosh kompozitorlar tanlovlarining sovrindori Rustam Abdullaev musiqasiga yozgan she'riy matnini o'qib bergan.
Shundan keyin deputatlar har uchala matn variantini musiqalari bilan birga tinglagan. Muzokaralarda Abdulla Oripov she'ri va Mutal Burxonov musiqasi asosida yaratilgan Davlat madhiyasini qabul qilish borasida aniq bir to'xtamga kelingan.
Sessiya yakunida ilk bor O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi deputatlar tomonidan birgalikda ijro etilgan. Mazkur sessiyada, shuningdek, «O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to'g'risida»gi qonun qabul qilingan.
Istiqlolning o'tgan 30 yillik davrida davlat ramzlari jamiyat va davlat o'rtasidagi o'zaro ijtimoiy kelishuv timsoli sifatida yaqqol namoyon bo'ldi. Yanada muhimi, O'zbekistonning davlat ramzlari ozod va obod Vatanni bunyod qilish g'oyasi atrofida butun jamiyat kuchlarini birlashtira oladigan qudratli qurol ekanini amalda isbotladi.
Shu ma'noda, davlat ramzlarining yaratilishi jarayoni konstitutsiyaviy mustaqillikni ta'minlash yo'lidagi muhim qadam bo'lganiga hech qanday shubha yo'q. Xususan, Davlat madhiyasini yaratishda O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning o'chmas o'rni bor.
“Shoirning tug'ilishi”
Abdulla Oripovning arxivida qanchadan-qancha e'lon qilinmagan she'rlari ham saqlanib qolgan. Shoirning 2021 yili “Adabiyot” nashriyoti chop etgan navbatdagi kitobi ayni shunday she'rlardan iborat.
Rahmatlik Ustozning turmush o'rtog'i Hanifa kennoyi Mustafo qizi va kenja farzandi Ruxsora Oripova nashrga tayyorlagan ushbu to'plamga o'z vaqtida muallif tomonidan “Shoirning tug'ilishi” degan nom tanlangani bejiz emas. Chunki kitobga shoirning asosan 1957-1965 yillar oralig'idagi ilk ijod namunalari, ayrim she'rlarining qo'lyozmalari ham kiritilgan.
Adabiyotshunos olimlar va she'rshunos tadqiqotchilar uchun bu qo'lyozmalarning ahamiyati nihoyatda katta. Ayni chog'da, shoir yuragining urishini go'yoki sezdirib turadigan ushbu qimmatli dastxatlar kitobxonni ham befarq qoldirmaydi.
Yangi nashrga mas'ul muharrirlik qilgan O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o'zining “Sandiqdan chiqqan qaldirg'ochlar” sarlavhali so'zboshisida qayd etganidek, o'quvchilar e'tiboriga birinchi marotaba yaxlit kitob shaklida havola etilgan she'rlar Abdulla akaning asosan o'smirlik chog'lari, talabalik davri – o'n yetti, o'n sakkiz, o'n to'qqiz, yigirma-yigirma bir
yoshlarda yozgan, shuningdek, seriztirob umrning boshqa fasl va pallalarida yozib sandiqqa tashlab qo'yilgan qo'lyozmalaridan tartib berilgan.
Shunday qilib, atoqli shoirimiz 80 yoshga to'lgan davrda muxlislar uning betakror ijodiy merosi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg'usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlaridan yana bir bor zavq-shavq olish hamda hali hech kim o'qimagan yangi she'rlarini mutolaa qilish imkoniga ega bo'ldilar.
Aslida ham, Abdulla akaning yangi kitoblari, bir tomondan, dilimizni quvnatsa va badiiy didimizni charxlasa, ikkinchi tomondan, o'zining sermazmun hayoti, betakror ijodi va qizg'in ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasida beqiyos o'rin tutgan ulug' Ustoz xotirasini minnatdorlik bilan yod etishga xizmat qiladi.
Akmal Saidov,
akademik
- Qo'shildi: 20.09.2021
- Ko'rishlar: 5637
- Chop etish